Kuzatuvchi.uz / YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYADA O‘ZBEKISTON – SUVEREN, DEMOKRATIK, HUQUQIY VA IJTIMOIY DAVLAT EKANI QAT’IY BELGILAB QO‘YILDI

YANGI TAHRIRDAGI KONSTITUTSIYADA O‘ZBEKISTON – SUVEREN, DEMOKRATIK, HUQUQIY VA IJTIMOIY DAVLAT EKANI QAT’IY BELGILAB QO‘YILDI

Yangilangan Konstitutsiya mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir.

Konstitutsiyada O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi.

Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilandi. Bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi. 

Binobarin, qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi shart va zarur. Bunga ko‘ra, inson va davlat o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi.

Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha normalar belgilandi. 

Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlandi.

Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks choralar belgilandi.

Shu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma belgilandi. Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o‘tkazilishi shartligi qayd etildi.

Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga egaligi belgilandi. 

Ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ladi. Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish huquqi qat’iy belgilab qo‘yildi. Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi ham belgilanmoqda. 

Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlandi. O‘lim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.

 

 

Zuhra BEGOVA,

Xorazm viloyat adliya boshqarmasi huquqiy axborot sho‘basi bosh maslahatchisi.

16-12-2024, 19:17
Saytga qaytish