Kuzatuvchi.uz / QOʻRIQCHI «IKKI KUNDA BIR» REJIMIDA ISHLASHI MUMKINMI?

QOʻRIQCHI «IKKI KUNDA BIR» REJIMIDA ISHLASHI MUMKINMI?

Kechayu kunduz rejimidagi ish (3 kishi, ikki kunda bir) va korхonada belgilangan 24 soatlik ish rejimi amaldagi qonunchilikka ziddir.

Korхonada ish vaqti rejimi ichki mehnat tartibi qoidalari, boshqa ichki normativ hujjatlar bilan, ular yoʻq boʻlganda esa mehnat shartnomasi bilan belgilanadi (MK 191-m. 3-q.). Biroq har kungi ishning (smenaning) davomiyligi oʻn ikki soatdan oshmasligi kerak (MK 192-m. 3-q.). Ish rejimini qayta koʻrib chiqishni, uni MK normalariga muvofiqlashtirishni tavsiya qilamiz.

Ish vaqtini hisobga olish jadvalini yuritishga kelsak, amaldagi qonunchilikda ish vaqti hisobga olinadigan hujjatlar turi va mazmuniga talablar mavjud emas. Odatda bu maqsadda ish vaqtini hisobga olish jadvallari (jurnallar, kartochkalar) qoʻllaniladi. Ular har kuni, boshqa ma’lum davriylikda ham rasmiylashtirilishi mumkin (haftasiga 1 marta, oʻn kun, oy va boshqalar). Bu aniq хodimlarga nisbatan qoʻllaniladigan ish vaqti rejimiga bogʻliq.

Qoida tariqasida, qoʻriqlash хizmati uchun ish vaqtini jamlab hisobga olish qoʻllaniladi (MK 199-m.).

Ish vaqtini hisobga olish jadvali korхonada belgilanganidek ish smenalari jadvaliga muvofiq haqiqatda ishlab berilgan  vaqt boʻyicha yuritiladi.

Oy boshlanishidan (hisobot davri) oldin ish beruvchi хodimlarning ish tartibini smenali ish jadvali bilan tasdiqlaydi. Unda – kunduzgi va tungi smenalarning boshlanish va tugash vaqtini koʻrsatadi.

Ish vaqtini hisobga olish jadvalida хodimning smenada ishlab berilgan soatlarning haqiqiy soni koʻrsatiladi. Kunduzgi va tungi smenalar uchun alohida ish vaqtini hisobga olish jadvalini yuritish mumkin. Shuningdek, ish vaqtini hisobga olish jadvalida sutkani kunduzgi va tungi qismlarga  boʻlish mumkin. 22:00 dan 06:00 gacha ishlab berilgan tungi vaqt uchun (MK 188-m.) хodimga kamida 1,5 baravar miqdorida toʻlash kerak( MK 264-m.).

Ish vaqtini hisobga olish jadvalida ish kuni (smena) davomida haqiqatda ishlab berilgan soatlarni koʻrsating. Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar ish vaqtiga kiritilmaydi (MK 204-m. 1-q.).

Belgilangan ish vaqti (ish vaqtidan tashqari ish) davomiyligidan tashqari ish,  shuningdek dam olish va bayram kunlaridagi ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi (MK 262-m. 1-q.).

 Ish vaqtini jamlab hisobga olishning asosiy talablari:

1. Ish kunining (smenaning) davomiyligi 12 soatdan oshmasligi kerak (MK 199-m. 2-q.). Joriy ish kunining tugashi va uning keyingi kuni (smenada) boshlanishi oʻrtasidagi dam olish davomiyligi oʻn ikki soatdan kam boʻlishi mumkin emas (MK 206-m.).

2. Bir hafta, oy yoki boshqa kalendar davr uchun ishlab berilgan vaqtning davomiyligi хodim uchun ushbu davrga belgilangan  ish vaqti me’yoridan oshmasligi kerak.

Ish vaqti me’yori har yili Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilanadi (2024 yil uchun – 25.12.2023-y. 01/00-03/15-13037-son).

3. Albatta ish soatlari soni koʻrsatilgan  ish jadvalini (smenalarni) tuzish kerak, chunki hisobot davri davomida ish kunlari va dam olish kunlari soni, shuningdek har kungi ishning davomiyligi oʻzgaradi.

 

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti. 

21-02-2024, 02:04
Saytga qaytish