Kuzatuvchi.uz / FOYDA SOLIG‘I HAQIDA NIMALARNI BILISH LOZIM?

FOYDA SOLIG‘I HAQIDA NIMALARNI BILISH LOZIM?

Davlat byudjeti tizimidan va taraqqiyot darajasidan qat’i nazar, davlat funksiyalarini bajarish uchun byudjet daromadlarining lozim darajada shakllantirish har bir davlat uchun zarur hisoblanadi. Bu vazifa soliq siyosatini to‘g‘ri yuritishda hamda byudjet defitsitini qoplash usullarini tanlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi taraqqiyotning hozirgi bosqichida respublikamizda mahalliy byudjetlarning rolini oshirish, tashabbusli byudjetni joriy etish bilan bog‘liq masalalarini hal etish uchun ularning daromad manbalarini to‘g‘ri prognoz qilish orqali ularning daromadlarini kuchaytirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Foydani soliqqa tortishni isloh qilishda foyda solig‘ini boshqa soliq turlari bilan bevosita bog‘liqligini qay darajada ekanligini yaqqolroq ko‘rishga, istiqbolda qaysi soliq turlarini o‘zgartirish lozimligi va bu borada qilinadigan islohotlar to‘g‘risida xulosa chiqarishga imkon beradi.

Foyda solig‘i bu xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning foydasidan olinib, byudjetning muhim daromadlaridan biri hisoblanadi (Soliq kodeksi XII bo‘lim). Bu to‘g‘ri (bevosita) soliqdir. Uning summasi soliq to‘lovchi korxonaning yakuniy moliyaviy natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Moliya yilida soliq solinadigan foydaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar foyda solig‘ini to‘lovchilar hisoblanadi. Yalpi foyda bilan ma’lum chegirmalar o‘rtasidagi farq sifatida hisoblangan foyda soliqqa tortish ob’ektidir.

Foyda solig‘i barcha soliqlar to‘langandan so‘ng korxona ixtiyoriga qolgan foyda hisobidan to‘lanadi. Mulkchilikning turli shakllari rivojlanishi korxonalar va tashkilotlarning o‘z imkoniyatlarini kengayishiga va bozor infrastrukturasining rivojlanishiga olib keldi. Majburiy ajratmalar avvalgi tizimda korxonalar tomonidan boshqarilish samaradorligini ta’minlash uchun muhim edi. Ammo, foydadan ajratmalar o‘zining iqtisodiy tuzilishiga asoslangan xolda, faqat davlat korxonalariga ajratilmay, balki hamkorlik qiluvchi tashkilotlarga, xorijiy investitorlarga yo‘naltirilishini ko‘rsatdi.

Bu o‘zgarishlar natijasida, korxonalar o‘zlarini bevosita va bilvosita investitsiyas dasturlariga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lib, bu esa ularning o‘zlarini rivojlantirish, samarali faoliyat ko‘rsatishlari va yangi bozorlarda iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirishlari uchun o‘z imkoniyatlarini kengaytirishlari mumkin bo‘ldi.

Soliq kodeksiga ko‘ra, quyidagilar foyda solig‘ining soliq to‘lovchilari hisoblanadi:

1) O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar (bundan buyon ushbu bo‘limda yuridik shaxslar deb yuritiladi);

2) O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasalar orqali amalga oshiradigan, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari (bundan buyon ushbu bo‘limda faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezidentlar deb yuritiladi);

3) O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan daromadlar oluvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar (bundan buyon ushbu bo‘limda norezidentlar deb yuritiladi);

4) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchilari bo‘lgan yuridik shaxslar;

5) soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadlari bir milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan yoki o‘z ixtiyori bilan foyda solig‘ini to‘lashga o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;

6) oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat to‘g‘risidagi shartnoma) doirasida amalga oshiriladigan faoliyat bo‘yicha oddiy shirkatning ishonchli shaxsi.

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i to‘lovchilari moliya yilida soliqqa tortiladigan foydaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar hisoblanadi. Ammo, soliqqa tortishning alohida tartibiga o‘tgan korxonalar, jumladan, yagona soliq to‘loviga o‘tgan mikrofirma va kichik korxonalar, savdo va umumiy ovqatlanish tashkilotlari, yagona yer solig‘i to‘lovchi qishloq xo‘jalik tovari ishlab chiqaruvchilar bu soliqni to‘lovchisi hisoblanishmaydi. Ular o‘zlari uchun ixchamlashtirilgan soliqni to‘laydilar. Bulardan tashqari, tadbirkorlik faoliyatining faqat alohida turlariga qat’i stavkada soliq to‘lovchilar ham bu soliqni to‘lovchilari hisoblanishmaydi.

Yuridik shaxslar foyda solig‘i bo‘yicha budjet bilan hisob-kitoblarni mustaqil ravishda amalga oshiradilar. Ayrim iqtisodiyot tarmoq korxonalari byudjet bilan hisob-kitoblarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan markazlashtirilgan tartibda amalga oshirishlari mumkin (misol uchun, energetika, neftgazxolding kabi tarmoq korxonalarida). Soliqqa tortish maqsadida foydaga soliq to‘lovchilarni rezidentlar va norezidentlarga ajratiladi.

O‘zbekiston Respublikasining rezidenti deb, O‘zbekistonda ta’sis etilgan yoki ro‘yxatdan o‘tgan hamda bosh korxonasi O‘zbekistonda joylashib, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar O‘zbekistonda va undan tashqaridagi faoliyatdan olgan daromadlaridan foyda solig‘iga tortiladilar.

O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari esa, faqat O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatishdan olgan daromadlari bo‘yicha soliqqa tortiladilar. Rezidentlar doimiy faoliyat ko‘rsatuvchilar bo‘lsa, norezidentlar faoliyati Respublikada vaqtinchalik xarakterga ega bo‘ladi.

Yuridik shaxslar foyda solig‘i to‘lovchilari bo‘lishi uchun quyidagi shartlarga javob berishi kerak:

ruxsat etilgan faoliyatdan foyda olishi (qonunchilik bilan ta’qiqlangan faoliyatdan tashqari);

 o‘zining mol-mulkiga ega bo‘lishi; 

mustaqil tugallangan buxgalteriya balansiga ega bo‘lishi; 

bankda hisob raqamiga ega bo‘lishi; 

identifikatsion raqamga ega bo‘lishi; 

tegishli tartibda davlat organlaridan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi.

 

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

16-12-2024, 11:34
Saytga qaytish