“Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolandi.
Hujjatga muvofiq, 2024-yil 15-dekabrdan boshlab:
— sport bilan shug‘ullanish istagidagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatiga ko‘ra ularga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida sport bilan bepul shug‘ullanish uchun yo‘llanmalar beriladi;
— sport bilan bepul shug‘ullanish imkoni yaratilgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari ro‘yxati tegishincha Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda tasdiqlanadi hamda doimiy yangilab boriladi;
Shuningdek, 2025-yil 15-yanvardan boshlab:
— nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida tashkil etilgan sport to‘garaklaridagi ishtiroki “Inson” markazi tomonidan yo‘llanma berilgan kundan boshlab har olti oyda bir marotaba joyiga chiqqan holda yoki “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali monitoring qilib boriladi.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.