Hozirgi kunda ko‘p talabalardan bir savol tushmoqda. Ya’ni, xodim qonuniy mehnat shartnomasi tuzgan holda 2 stavka ishlashi mumkinmi? Ishlash jarayonida hech qanday to‘sqinliklar yo‘qmi?
— Xodim tomonidan mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan o‘zining asosiy ishi bilan bir qatorda ayni shu tashkilotda asosiy kasb va lavozim bo‘yicha qonunchilikda belgilangan ish vaqti davomida boshqa kasb va lavozimdagi qo‘shimcha ishni bajarish bir necha kasbda va lavozimda ishlash hisoblanadi.
Xodim tomonidan mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan o‘zining asosiy ishi bilan bir qatorda ayni shu tashkilotda asosiy kasb va lavozim bo‘yicha qonunchilikda belgilangan ish vaqti davomida o‘sha kasb va lavozimdagi qo‘shimcha ishlarni bajarish xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirish, ishlar hajmini ko‘paytirish hisoblanadi.
Bir necha kasbda va lavozimda ishlashga, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirishga, ishlar hajmini ko‘paytirishga shunday kasb va lavozim bo‘yicha bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lganda yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xodim tomonidan vaqtinchalik yo‘q bo‘lgan xodimning vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yiladi.
O‘rindoshlar uchun ish vaqti davomiyligining har kunlik yarim normasiga rioya etilishi mumkin bo‘lmagan taqdirda, ish vaqtini jamlab hisobga olishni yuritishga yo‘l qo‘yiladi. Ish vaqtini jamlab hisobga olishni yuritish chog‘ida o‘rindoshlik asosidagi ish vaqtining (smenaning) umumiy davomiyligi hisobga olinayotgan davr uchun o‘rindoshlik lavozimi bo‘yicha ish vaqti normasining yarmidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Bunda hisobga olinadigan davrning cheklangan davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.