Kuzatuvchi.uz / MEHNAT DAFTARCHALARIGA OʻZGARTIRISHLAR KIRITISH

MEHNAT DAFTARCHALARIGA OʻZGARTIRISHLAR KIRITISH

Mehnat daftarchalari O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa qoraqalpoq yoki O‘zbekiston Respublikasi davlat tillarida ish beruvchi tomonidan xodimning ishtirokida to‘ldiriladi. Xodimning ishi, boshqa doimiy ishga o‘tkazilishi va hokazolar to‘g‘risida noto‘g‘ri yoki noaniq yozuvlar aniqlangan taqdirda, ular bunday yozuvni kiritgan ish beruvchi tomonidan to‘g‘rilanadi va tasdiqlanadi. Yangi ish joyidagi ish beruvchi buning uchun xodimga tegishli yordam ko‘rsatishi zarur. Tuzatish  ishga qabul qilish toʻgʻrisida keyingi yozuv kiritilmaganda qanday boʻlsa, shunday tartibda amalga oshiriladi. Adliya Vazirligi tomonidan 1998-yil 29-yanvarda 402-son bilan roʻyхatga olingan Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisida Yoʻriqnomaning  2.8-bandlariga muvofiq, mehnat shartnnomasini bekor qilish toʻgʻrisida notoʻgʻri yoki noaniq yozuv kiritgan ish beruvchi 3-ustunda yozuvning tegishli tartib soni va sanasini koʻrsatgandan soʻng tartib sonli yozuv bekor qilindi. Quyidagi ish (lavozim)ga qabul qilindi deb yozib qoʻyadi va 4-ustunda mehnat daftarchasiga kiritilgan toʻgʻri yozuvga taalluqli boʻlgan buyruq (farmoyish)ning son raqami va sanasi yoziladi. Yozuv kadrlar boʻlimining vakolatli хodimining imzosi va tashkilot muhri (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlanishi kerak. Mehnat daftarchasidagi keyingi yozuvlar umumiy oʻrnatilgan tartibda kiritiladi.  Mehnat daftarchasiga noto‘g‘ri yoki noaniq yozuv kiritgan tashkilot tugatilgan bo‘lsa, bunday xatoni tuzatish mazkur tashkilot bevosita bo‘ysungan yuqori tashkilot tomonidan (bunday tashkilot mavjud bo‘lmagan taqdirda tegishli arxivlardan olingan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi), tashkilot qayta tashkil etilgan hollarda esa uning huquqiy vorisi tomonidan amalga oshiriladi. Xodimning ishi yoki boshqa doimiy ishga o‘tkazilishi va shu kabilar haqidagi to‘g‘rilangan ma’lumotlar buyruqning asl nusxasiga aynan mos bo‘lishi kerak. Agar buyruq yo‘qolib qolgan bo‘lsa, yoki u xodim bajargan ishga nomuvofiq bo‘lgan taqdirda, mehnat daftarchasidagi ishi haqidagi ma’lumotlarni to‘g‘rilab yozib qo‘yish, bajargan ishni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarga asoslanib amalga oshiriladi. Guvohlar ko‘rsatmasi mehnat daftarchasiga o‘zgartish kiritish uchun asos bo‘lolmaydi.

 

M.SADIKOVA,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.   

20-02-2024, 09:39
Saytga qaytish