O‘z huquqlarini yaxshi bilmagan odamlar hibsga olinganda yoki tergov jarayonida nima qilish kerakligini bilmaydi. Shaxsning qo‘lga olinishida unga buning sabablari tushuntirilmasa, inson qadri ta’minlanmaydi. Natijada fuqarolarning huquqlari ular qo‘lga olingan vaqtdayoq xavf ostida qoladi. Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida rivojlangan davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida aks etgan “Xabeas korpus” institutlari ishga tushadi.
Ushbu institutlar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Ta’kidlash joizki, “Xabeas korpus akti” shaxs o‘zining hibsga olinishiga qarshi sud orqali e’tiroz bildirishi uchun asosiy huquq bo‘lib, Britaniya huquq tizimining asosi sifatida asrlar davomida shaxsning huquqlarini himoya qilishda ishlatilgan. “Xabeas korpus” (lot. habeas corpus) – “tanani sudga keltirish”, ya’ni jinoiy ta’qibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqining tarixan eng qadimiy e’tiroflaridan biri hisoblangan normalar qonunchiligimizda ham keng joriy etildi.
Mamlakatimizda “Xabeas korpus” instituti 2008-yildan tatbiq etilgan bo‘lib, uni qo‘llash doirasi yillar davomida izchil kengayib bormoqda, tergov jarayoni ustidan sud nazorati qat’iy ravishda kuchaytirilmoqda.
Angliyada paydo bo‘lgan ushbu institut aybdor shaxs ushlanganidan to sudga qadar unga nisbatan ko‘rilayotgan huquqiy chora jarayonini o‘rganadigan muassasa hisoblanadi. Angliya parlamenti mazkur holat bo‘yicha dunyoda birinchi marta fuqarolarni besabab ushlab turmaslik bo‘yicha qaror qabul qilgan. O‘sha davrdan buyon xalqaro huquq qoidalarida fuqaroning sud jarayoniga qadar bo‘lgan ushlab turilishi holatlari “Xabeas korpus” instituti deb yuritiladi.
Konstitutsiyaning 27-moddasida ushbu holatlarga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Shuningdek, mazkur atama boshqa ayrim yondosh moddalarda ham o‘z ifodasini topgan.
“Xabeas korpus” o‘z nomini sudyaning ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni sudga olib kelish to‘g‘risidagi buyrug‘ining birinchi so‘zlaridan olingan bo‘lib, “Habeas corpus ad subjiciendum”, ya’ni (sen shaxsni sudga olib kelishga majbursan), degan ma’noni anglatadi. Bu tartibot XV asrlardayoq paydo bo‘lgan va 1679-yil 26-mayda Angliya parlamenti tomonidan qonuniy rasmiylashtirilgan. Hozirgi kunda ushbu hujjat dunyoning hamma hududlarida, eng avvalo, anglo-sakson huquq tizimida va Lotin Amerikasi mamlakatlarida erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolati sifatida keng tarqalgan.
Dastlabki tergovda sud nazorati
“Xabeas korpus” instituti tarixiga nazar tashlasak, Angliyada huquqning anglo-sakson shakli amalda bo‘lib, sud inson huquq va erkinliklarining asosiy kafolati hisoblanadi. Angliyada mavjud bo‘lgan kazuist huquqida shaxsni qamoqqa olishning qonuniyligini tekshirish to‘rt xil sud buyruqlari asosida amalga oshirilgan. Asta-sekin bu buyruqlarning uchtasi barham topib, faqat “Habeas Corpus Act” deb nomlangan “qamoqqa olingan shaxsni darhol sudga olib kelish zarur”ligi to‘g‘risidagi buyruq qoldi. XVII asrning oxirlarida Angliyada “prisyajniy sud” tomonidan chiqarilgan hukm qat’iy hisoblangan. Ya’ni, ayblov hukmi bo‘ladimi, oqlov hukmi bo‘ladimi shikoyat qilinishi mumkin emas, degan qoida o‘rnatilgan. O‘sha vaqtda Angliyada yangi ochilgan holatlar bo‘yicha jinoyat ishlarini qaytadan harakatga keltirish tartibi bo‘lmagan. Agar mahbusning aybi bo‘lmasa, ichki ishlar vazirining taqdimnomasiga ko‘ra afv etilgan.
XIX asrga kelib parlamentga “prisyajniy sudlari”ning ayblov hukmini qayta ko‘rishni belgilovchi bir necha qonun loyihalari taqdim qilingan. Lekin ularning birontasi qabul qilinmagan. 1907-yil Angliya yuristlari nazarida odil sudlovni amalga oshirishda inqilob sodir bo‘ldi – jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya sudlari tashkil etildi. Apellyatsiya tartibida ayblov hukmi ustidan faqat mahkum shikoyat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Apellyatsiya sudi birinchi instansiya sudi tomonidan tayinlangan jazoni ish holatiga va mahkumning sodir qilgan qilmishiga mos emas deb topsa, jazoni o‘zgartirib, ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan tomonga o‘tish vakolatiga ega bo‘ldi. Lekin bu haqda shikoyat bilan murojaat qiladigan mahkum ogohlantirilishi shart emasligi qayd qilindi.
Angliyaning huquq tizimini tahlil qilish natijalari shuni ko‘rsatadiki, uning dastlabki tergovida sud nazorati mavjud. “Dastlabki tergovda sud nazorati” jumlasi shartli ishlatilgani bilan dastlabki tergovda sud tizimi sezilarli darajada o‘z hukmini o‘tkazadi.
Masalan, dastlabki tergovda sud nazoratini amalga oshirishning quyidagi ob’ektlarini sanab ko‘rsatish mumkin:
tergov harakatlarini o‘tkazish;
protsessual majburlov choralarini qo‘llash;
Habeas Corpus Act protsedurasi, ya’ni shaxsni noqonuniy qamoqqa olish ustidan da’vo qo‘zg‘atish;
sudga berish (dastlabki sud muhokamasi).
Jinoyat ishlari yurituvida markaziy institut
Xabeas korpus akti Angliyada vujudga kelib, shakllangan bo‘lsa-da, keyinchalik esa anglo-sakson huquq tizimiga asoslangan qator davlatlarning jinoyat ishlari yurituvidagi markaziy institutga aylanib bordi. Jumladan, 1791-yilda AQShda Konstitutsiyaga kiritilgan dastlabki 10 ta o‘zgartirishlar “Huquqlar to‘g‘risidagi Bill”ni tashkil etib, unga binoan “Insonning shaxsiy va uy-joy daxlsizligi asossiz qamoq va tintuvdan himoyalangan bo‘lishi zarur. Hech bir order yetarli asoslarsiz berilishi mumkin emas”. Ya’ni, qamoq tarzidagi protsessual majburlov chorasi mutlaqo sud ruxsati asosidagina qo‘llanilib, ijroiya hokimiyati vakillari bo‘lgan politsiya tomonidan fuqarolarning shaxsiy va uy-joy daxlsizligi huquqi nazoratsiz ravishda cheklanishining oldi olinadi. AQShda “Xabeas korpus” institutining real ta’minlanishi aynan shaxs ushlanganidan so‘ng 36 soat ichida magistrat sudyasi tomonidan qamoqda saqlashning yetarli asoslari mavjudligi fakti tekshirilishida namoyon bo‘ladi. Ya’ni, buning natijasida sudya shaxsni qamoqqa olish uchun sanksiya berishi barobarida uni qo‘llashni rad qilishi ham mumkin.
“Xabeas korpus” akti shaxs erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sudning qarori asosida amalga oshirilishi shartligi talabi hisoblanadi va shaxsiy erkinlik daxlsizligini kafolatlab, tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.