1948-yilda Fontenblo shahrida (Parij yaqinida) o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada tabiatni va tabiiy resurslarni asrash xalqaro ittifoqi (TRAI) tashkil etildi. TRAI oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri yo‘qolib ketish arafasida bo‘lgan, inson yordamiga muhtoj va qutqarib qolish choralarini ko‘rish shart bo‘lgan o‘simlik va hayvonot turini aniqlash bo‘lgan.
Shu maqsadda 1949-yilda doimiy qutqarish qo‘mitasi xizmati tashkil etildi. Unga turli mamlakatlarning taniqli zoologlari kiritildi. Bu qo‘mitaga tabiatni asrash bo‘yicha eng obro‘li mutaxassislardan biri –– angliyalik Piter Skott rahbarlik qildi. Qo‘mita ulkan ishlarni amalga oshirdi. Uning maqsadi dunyodagi noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonot turlari ro‘yxatini tuzish (bilan) va nima sababdan bunday holat yuzaga kelganini tushuntirish edi. Qizil rang – xavf belgisi. Shu sababli Piter Skottning taklifi bilan ro‘yxat muvaffaqiyatli tarzda Qizil kitob, deb nomlandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida hozirda 4400 ga yaqin oliy yovvoyi o‘simlik va 2000 dan ziyod zamburug‘ turlari mavjud. Ular orasida jiddiy muhofazaga muhtoj ko‘plab kamyob endemik va relikt turlar ham bor. Bunday turlarning soni 300 dan ortiq bo‘lib, ular O‘zbekiston florasining 10-12 foizini tashkil etadi.
O‘simliklar olamini muhofaza qilish uchun bir qancha qonun hujjatlari qabul qilingan. Ularda tabiatni va o‘simlik olamini asrashga doir normalar belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 81-moddasining birinchi qismiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan o‘simliklarni yoki ularning yashash faoliyati natijasida hosil bo‘lgan ildizlari, piyozboshlari, tanalari, poyalari, novdalari, po‘stlog‘i, barglari, g‘unchalari, gullari, urug‘lari, mevalari, sharbatini (elimini) va boshqa mahsulotlarini o‘zboshimchalik bilan yig‘ish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘simliklar dunyosini muhofaza qilish bu jarayonda keng jamoatchilik ishtirok etgan taqdirdagina ijobiy samara beradi. O‘simliklar olamining bebaho boyliklarini saqlab qolish, ularni asrab-avaylab, munosib ravishda kelgusi avlodlarga qoldirish uchun yakdillik bilan harakat qilmog‘imiz zarur.
Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi.