Vazirlar Mahkamasining 06.12.2024-yildagi “Davlat teatrlari, teatr studiyalari, sirk va konsert-tomosha muassasalarining artist хodimlariga malaka toifalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi VMQ-815-son qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 21.02.2024-yildagi «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yili»da amalga oshirish Davlat dasturi toʻgʻrisida»gi PF-37-son farmoniga muvofiq qabul qilindi.
Nizom quyidagilarni belgilaydi:
- teatr, sirk va konsert-tomosha muassasalarida malaka toifalari bilan lavozimlarni berish tartibi;
- malaka toifalarini berish mezonlari, tartibi va muddatlari;
- toifani pasaytirish yoki bekor qilish asoslari;
- malaka toifalarini berish bilan bogʻliq shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi.
Malaka toifasi yilda bir marta belgilanadi va Badiiy kengash хulosasi asosida muassasa direktorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Malaka berish quyidagi baholash mezonlariga asoslanadi:
- ijodiy qobiliyatlar;
- ish staji;
- turli konsertlar va spektakllarda ishtirok etish sifati va soni;
- jamoat ishlari hamda ma’naviy-ma’rifiy va ijodiy yigʻilishlardagi faollik.
Bahodir YUSUPOV,
Qo‘shko‘pir tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.