Kuzatuvchi.uz / VOYAGA YETMAGANLARGA ENERGETIK ICHIMLIGINI SOTISH JAVOBGARLIKKA SABAB BO‘LADI

VOYAGA YETMAGANLARGA ENERGETIK ICHIMLIGINI SOTISH JAVOBGARLIKKA SABAB BO‘LADI

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Yevropa agentligi (EFSA) bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 18-29 yoshdagilarning 70%i energetik ichimliklarni alkogol mahsulotiga qo‘shib ichishi ma’lum bo‘lgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu usul alkogolning o‘zidan zaharlanishdan ko‘ra xavfliroqdir.

Avstraliyalik olimlar o‘tkazgan «O‘smirlarning energetik ichimliklarga nisbatan qarashlari, hissiyotlari» nomli tadqiqot natijalaridan bilinadiki, o‘smirlar energetik ichimliklar tarkibida inson salomatligiga xavf soluvchi kofein, guarana va taurin kabi moddalar mavjudligi haqida hech qanday tasavvurga ega emas, shunga qaramasdan, ular tarkibida ko‘p miqdorda kofein bo‘lgan energetik ichimliklarni boshqa turdagi ichimliklardan oson farqlay oladi.

Albatta, Sog‘liqni saqlash vazirligi xulosasiga ko‘ra, energetik ichimliklarni iste’mol qilish 18 yoshga to‘lmagan va aholining ayrim qatlamlari sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Eng yomoni bu ichimlikni alkogolli ichimlik bilan birgalikda iste’mol qilish achinarli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aniqlangan. Aynan shu tufayli alkogol va/yoki tamaki marketingi singari bu turdagi ichimliklarning reklamasi ham ijtimoiy zarar keltirishi mumkin bo‘lgan reklamadir.

Qonunchilikka ko‘ra, energetik ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish quyidagi miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi:

— fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 875 ming so‘mdan 3 mln 750 ming so‘mgacha);

— mansabdor shaxslarga BHMning 7 baravaridan 15 baravarigacha (2 mln 625 ming so‘mdan 5 mln 625 ming so‘mgacha). 

 

Urganch shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi. 

11-12-2024, 02:18
Saytga qaytish