Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son qarorining 2-ilovasi 58, 59 va 60 bandlarida milliy haydovchilik guvohnomasini almashtirish va yo‘qolgani o‘rniga yangisini berish tartibi belgilangan. Unga ko‘ra:
Avtomototransport vositalarini oxirgi o‘n ikki oy davomida boshqargan shaxslarning milliy haydovchilik guvohnomalari tegishli imtihonlarsiz almashtiriladi.
Quyidagilar avtomototransport vositalarini o‘n ikki oy mobaynida boshqarganligini tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi:
a) ishlayotgan haydovchilar uchun mehnat daftarchasidan ko‘chirma yoki ishlayotgan joyida unga biriktirilgan avtomototransport turi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma (buyruqdan ko‘chirma);
b) shaxsiy avtomototransport vositalari haydovchilari uchun ularga tegishli bo‘lgan avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi qayd etish guvohnomasi;
v) ishonchnoma yoki ijara shartnomasi bilan avtomototransport vositasini boshqargan shaxslar uchun avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va uni boshqarish uchun notarial idora tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma yoki ijara shartnomasi;
g) transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari uchun avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi.
Yo‘qolgan (o‘g‘irlangan, yong‘in, tabiiy ofat oqibatida va boshqa hollarda) milliy haydovchilik guvohnomasi dublikati haydovchining arizasi, imtihon varaqasi, tegishli toifalardagi avtomototransport vositalarini boshqarishga yaroqliligi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnoma, imtihon varaqasi mavjud bo‘lmagan hollarda hududiy YHXBning RvaIOBlarining tasdiqnomasi asosida beriladi.
Avtomototransport vositasini oxirgi o‘n ikki oy davomida boshqarmagan shaxslarning haydovchilik guvohnomalari nazariy va amaliy imtihonlarni topshirganlaridan so‘ng milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtiriladi.
Bunda bir necha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqi berilgan bo‘lsa, imtihon olish komissiyasining qaroriga ko‘ra «B» yoki «C» toifadagi avtotransport vositasida, «D» toifadagi avtotransport vositasini boshqarish huquqi berilgan bo‘lsa, faqat «D» toifadagi avtotransport vositasida amaliy imtihonlar olinadi.
M. SADIKOVA,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.