Mehnat unumdorligi va samarasi maroqli hordiq chiqarishga bog‘liq. Shu bois mehnat munosabatlarida dam olish vaqtiga, ta’tillar masalasiga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Mehnat kodeksining 201-242-moddalarida dam olish vaqti va ta’tillar o‘z aksini topgan.
Dam olish vaqtiga nima kiradi?
Dam olish vaqti xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan va o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqtdir. Ish kuni (smena) davomidagi tanaffuslar, har kungi (smenalar oralig‘idagi) dam olish, dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish), ishlanmaydigan bayram kunlari, har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari dam olish vaqtining turlari sanaladi. Xodimning istagiga ko‘ra dam olish kunida yoki ishlanmaydigan bayram kunida ishlaganlik uchun kompensatsiya sifatida taqdim etiladigan ishdan bo‘sh bo‘lgan qo‘shimcha kunlar, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan har bir kundan keyin donorlarga beriladigan dam olish kuni ham shular jumlasidandir.
Xodimga qancha tanafus berilishi kerak?
Ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi ko‘pi bilan ikki soat va kamida o‘ttiz daqiqa bo‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak. Ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki mehnat shartnomasida, agar xodim uchun belgilangan kunlik ishning (smenaning) davomiyligi to‘rt soatdan oshmasa, unga mazkur tanaffus berilmasligi nazarda tutilishi mumkin. Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish vaqti va uning aniq davomiyligi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Qanday holda qo‘shimcha tanaffus beriladi?
Xodimlarga ish kuni davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari qo‘shimcha tanaffuslar ham beriladi. Xususan, yilning issiq yoki sovuq mavsumida ochiq havoda yoxud sovitilmaydigan yoki isitilmaydigan yopiq xonalarda ishlaydigan, shuningdek yuk ortish-tushirish ishlarida band bo‘lgan shaxslar uchun maxsus tanaffuslar. Ish beruvchi isitish, sovitish uchun asbob-uskunalar bilan jihozlangan va xodimlarning dam olishi uchun yaroqli bo‘lgan xonalarni ta’minlashi shart. Bunday tanaffuslar taqdim etiladigan ishlarning ro‘yxati, harorat ko‘rsatkichlari, shuningdek ushbu tanaffuslarning davriyligi va davomiyligi ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish asosida belgilanadi. Qolaversa, bolani ovqatlantirish uchun sarflanadigan vaqt ham qo‘shimcha tanaffuslar sirasiga kiradi.
Ish haftasi turlari nechiga bo‘linadi?
Shunga e’tibor berish lozimki, besh kunlik ish haftasida xodimlarga haftada ikki dam olish kuni, olti kunlik ish haftasida esa bir dam olish kuni beriladi. Aynan bitta ish beruvchida mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun bajariladigan ishning o‘ziga xos xususiyatlariga qarab ish haftasining har xil turlari belgilanishi mumkin.
Dam olish kuni qanday holda boshqa kunga ko‘chiriladi?
Mehnat kodeksi 2022-yil 28-oktabrda yangi tahrirda qabul qilinishi tufayli yana bir yangilik kiritildi. Ya’ni dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Masalan, joriy yilda 1-sentabr – Mustaqillik kuni yakshanba kunga to‘g‘ri keldi. Shu bois dam olish kuni 2-sentabr dushanbaga ko‘chirildi. Yoki 8-dekabr – Konstitutsiya kuni ham yakshanbaga to‘g‘ri kelmoqda. Natijada dam olish kuni 9 dekabr dushanbaga ko‘chiriladi.
Dam olish kunlaridan va ishlanmaydigan bayram kunlaridan xodimlarning oqilona foydalanishi maqsadida dam olish kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan boshqa kunlarga ko‘chirilishi mumkin. Ammo...
Qanday holda dam olish kunlari ko‘chirilmaydi?
Ammo ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmaydi.
Ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlab chiqarish-texnik sharoitlarga ko‘ra (uzluksiz ishlaydigan tashkilotlar) to‘xtatib turish imkoni bo‘lmagan ishlarni (xizmatlarni), aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati yuzaga keltiradigan ishlarni, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi. Qonunda belgilangan hollarni istisno etganda, dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari xodimning roziligisiz ishga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
M. SADIKOVA,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.