Har bir davlatning o‘z taraqqiyot yo‘li va mustaqil rivojlanish strategiyasi bo‘lganidek, uning huquqiy poydevori - Konstitutsiyasi ham mavjud. Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni bo‘lib, u mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tuzilishini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, davlat organlarining tuzilishi va vakolatlarini belgilab beradi.
Konstitutsiya - bu oddiy qonun emas, balki barcha qonunlarning onasi, huquqiy manbai hisoblanadi. U jamiyatning barcha sohalarida amal qiladigan asosiy tamoyillarni o‘zida mujassam etgan. Konstitutsiyada inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasi xalqimizning ko‘p asrlik tarixiy tajribasi, milliy qadriyatlari va umuminsoniy tamoyillarga asoslangan. U fuqarolarning teng huquqliligini, so‘z, vijdon va diniy e’tiqod erkinligini, shaxsning daxlsizligini, mulk huquqini kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda Oliy Kengashning o‘n ikkinchi chaqiriq o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan. Bu tarixiy voqea O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida shakllanishida muhim bosqich bo‘ldi.
Konstitutsiyani tayyorlash jarayoni 1990-yilda boshlangan. Maxsus komissiya tuzilib, u ikki yil davomida loyiha ustida ishladi. Loyiha keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, unda turli soha mutaxassislari, olimlar, huquqshunoslar va oddiy fuqarolar ishtirok etdi.
Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasidan so‘ng takomillashtirildi va nihoyat, 1992-yil 8-dekabrda qabul qilindi. Shu kundan boshlab 8-dekabr O‘zbekistonda Konstitutsiya kuni sifatida nishonlanadi.
Shuningdek, 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligidan dalolat bermoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Bosh qomusimiz davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linish prinsipini mustahkamlab qo‘ygan. Bu esa hokimiyat organlari faoliyatining samaradorligini ta’minlash va ularning o‘zaro nazoratini amalga oshirish imkonini beradi.
Konstitutsiya - bu jamiyat taraqqiyotining huquqiy kafolati, barqarorlik va farovonlik garovidir. Shu sababli ham biz uni "Bosh qomusimiz" deb ulug‘laymiz va uning talablariga og‘ishmay amal qilamiz.
Tursunboy URAZBAYEV,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.