Kuzatuvchi.uz / ISHDAN TASHQARI ISHDA XODIMLARNI QAY TARTIBDA ISHLATISH QONUNIY? 6 SAVOLGA JAVOB

ISHDAN TASHQARI ISHDA XODIMLARNI QAY TARTIBDA ISHLATISH QONUNIY? 6 SAVOLGA JAVOB

Ishdan tashqari ish nima o‘zi?

Mehnat qonunchiligi bo‘yicha xodimning kundalik ish (smena) muddatidan ortiqcha ishlashi - ishdan tashqari ish hisoblanadi. Demak, kundalik ish muddati 8 yoki 7 soatdan ortiqcha ish vaqtida ishlash - ishdan tashqari ishdir. Shu bilan birga, qisqartirilgan ish vaqti tayinlangan xodimlarga nisbatan kunlik qisqartirilgan ish vaqtidan ortiqcha ish  - ishdan tashqari ishdir.

Yuqoridagilardan kelib chiqadiki, dam olish va bayram kunlarida ishlash ishdan tashqari ish hisoblanmaydi. Ishdan tashqari ish vaqtini hisobi – ish beruvchi tomonidan tabelda xodimniing haqiqatda ishlagan ishdan tashqari ish soatlarini qo‘yib, jamlash orqali yuritiladi.

Mehnat qonunchiligi normalari mazmunidan kelib chiqib, xodimni ishdan tashqari ishlarga jalb qilish uchun ish beruvchining farmoyish shaklidagi hujjati (tavsiya etiladi: buyruq) chiqariladi va unda xodimning ishdan tashqari ishda ishlash kuni va soatlari ko‘rsatilib, xodimning yozma roziligi bilan (tavsiya etiladi: o‘zi tomonidan yozilgan FISh va roziligini tasdiqlovchi imzosi) tasdiqlanadi.

Ishdan tashqari ishlashda cheklovlar

Ishdan tashqari ishning eng ko‘p muddati har bir xodim uchun surunkasiga 2 kun davomida 4 soatdan, yiliga 120 soatdan oshmasligi lozim. Mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda ishlovchi xodimlar uchun esa 1 kunda 2 soatdan oshmasligi kerak.

Ishdan tashqari ishlarga qo‘yidagi shaxslar jalb qilinmaydi:

ish smenasining muddati 12 soatdan iborat bo‘lgan xodimlar;

mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda ishlovchi xodimlar;

18 yoshga to‘lmagan shaxslar;

tibbiy tavsiyada taqiqlangan nogiron xodimlar. 

Ishdan tashqari ishga munatosib haq to‘lash

Mehnat qonunchiligi bo‘yicha ishdan tashqari ishlar uchun kamida 2 hissa miqdorida haq to‘lanadi. Aniqrog‘i, ishdan tashqari ish soatlarining har soatini ish haqining soatlik stavkasi bo‘yicha kamida 2 ga ko‘paytirilgan holda to‘lanadi. Buxgalteriya hisobotida ishdan tashqari ish uchun to‘lovlar alohida to‘lov turi sifatida aks ettiriladi.

Ishdan tashqari ishning har bir soati uchun haq to‘lash - ish haqini hisoblashda qo‘llaniladigan bir soatlik ish haqi stavkasidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Bir soatlik ish haqi stavkasiga quyidagilar kiritiradi:

yagona tarif setkasi bo‘yicha o‘rnatilgan tarif stavkasi, 

yoki boshqa qonun hujjati bilan belgilangan lavozim maoshi, 

Prezidentning 1997-yil 3-iyuldagi 339-sonli qarori bilan belgilangan ustamalar.

Ishdan tashqari ish hisobiga dam olish kuni berish

Xodimning iltimosiga binoan ishdan tashqari ish vaqti muddatiga mutanosib ravishda ta’til berish orqali qoplanishi mumkin. Mazkur holatda ishdan tashqari ishning har bir soati uchun 1 hissadan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi hamda xodimning dam olish sanasi ko‘rsatilgan ish beruvchining farmoyishi tusidagi hujjati (tavsiya etiladi: buyruq) chiqariladi.

Dam olish va bayram kunlarida xodimlarni ishlatish

Besh kunlik ish haftasida shanba va yakshanba kuni, olti kunlik ish haftasida yakshanba kuni dam olish kuni hisoblanadi.

Xodimni ishdan tashqari ishlatish qoidalaridan farqli ravishda, dam olish va bayram kunlarida ishga jalb qilishda xodimning roziligi talab qilinmaydi.

Ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha ayrim xodimlarni dam olish va bayram kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Mazkur holatda tashkilotning lokal hujjatida dam olish va bayram kunlarida ish jalb qilinishi mumkin bo‘lgan holatlar va xodimlarning toifasi belgilangan bo‘lishi lozim.

Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, ob’ektlarni qo‘riqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash kabilarga) ko‘ra ishni to‘xtatib turish mumkin bo‘lmagan joylarda, aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati bo‘lgan ishlarda, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yo‘l qo‘yiladi.

Dam olish va bayram kunlari ishlashda cheklovlar va haq to‘lash

Dam olish va bayram kunlarida qo‘yidagi xodimlarning roziligisiz ishga jalb qilish taqiqlanadi:

- homilador ayollar va o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollar;

- nogironlarni;

- 18 yoshga to‘lmagan shaxslar.

Dam olish va bayram (ishlanmaydigan) kunlari haq to‘lash - ishdan tashqari ish bo‘yicha haq to‘lash tartibi bilan bir hilda amalga oshiriladi.

 

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

8-12-2024, 13:09
Saytga qaytish