Issiq suvning harorati 50 — 75o S bo‘lishi kerak. Tariflardagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ular amalga kiritilishidan 15 kun oldin OAV orqali xabar beriladi.
1. Issiq suv va otopleniya harorati me’yorlarga muvofiq bo‘lishi kerak
Issiqlik ta’minoti (issiq suv va otopleniya) quyidagi me’yorlarga muvofiq bo‘lishi kerak:
isitish bo‘yicha – xonalarni isitish bo‘yicha chora-tadbirlarni (derazalar, balkonlar va kirish eshiklarining dahlizlarini zichlashtirish, isitish tagsinchlarini izolyatsiyalash) bajarish sharti bilan 1995-yilgacha qurilgan ko‘p qavatli turar joy xonalaridagi harorati kamida 20o S, agar ko‘p qavatli uylardagi issiqlik tizimi rekonstruksiya qilinmagan bo‘lsa — turar joy xonalaridagi harorat kamida 18oS bo‘lishi lozim;
issiq suv ta’minoti bo‘yicha — issiq suvning harorati 50 — 75o S bo‘lishi kerak.
2. Isitish davri hokim qarori bilan belgilanadi
Xonalarni isitish ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasini berishda isitish davrni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan muddatlarda boshlanadi va tamomlanadi.
Isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8oSdan past bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8oS yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi kerak.
3. Ayrim hollarda iste’molchi issiqlik ta’minotidan uzib qo‘yiladi.
Yetkazib beruvchi kamida 2 sutka oldin Iste’molchini yozma ravishda ogohlantirgan holda, quyidagi hollarda issiqlik energiyasi berishni to‘liq yoki qisman to‘xtatish chora-tadbirlarini ko‘rish huquqiga ega:
to‘lovni amalga oshirilmaganida;
Iste’molchilar issiqlik ta’minotiga o‘zboshimchalik bilan ulanib olishganda;
Yetkazib beruvchining vakillari hisobga olish asbobini ko‘zdan kechirish va ularning ko‘rsatkichlarini yozib olish uchun hisobga olishning umumiy va individual hisobga olish asboblariga sababsiz qo‘yilmaganida.
4. Issiqlik enegriyasidagi uzilishlar haqida yozma ogohlantirish beriladi
Iste’molchi issiqlik energiyasi to‘liq uzib qo‘yilishi va issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatishdagi tanaffus to‘g‘risida yozma shaklda ogohlantiriladi (ko‘p kvartirali uyning barcha kirish joylaridagi e’lonlar taxtasiga yoki ko‘p kvartirali uy joylashgan yer uchastkasi doirasida e’lon joylashtirish, shuningdek tanaffuslar vaqti ko‘rsatilgan holda ommaviy axborot vositalari orqali).
5. Zarur bo‘lganida uzilishlar haqida ogohlantirish berilmasligi mumkin
Odamlarning xavfsizligini ta’minlaydigan ishlarni bajarish uchun avariyali va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek ularni bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan zarur chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lganda Iste’molchini ogohlantirmasdan issiqlik ta’minotini to‘xtatish yoki cheklashga yo‘l qo‘yiladi.
Bunda iste’molchi keyinchalik vaziyat haqida 2 sutkada xabardor qilinishi kerak.
6. Yangi narxlar haqida yarim oy avval e’lon beriladi
Yetkazib beruvchi tariflardagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ular amalga kiritilishidan 15 kun oldin OAV orqali xabar berishi kerak.
Bundan tashqari, iste’molchilarga issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun to‘lov bo‘yicha hisob-kitoblarning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek yetkazib berilgan issiqlik energiyasi uchun to‘lov bo‘yicha qarzlarning yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bepul beriladi.
Tursunboy URAZBAYEV,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.