O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir kasallikka chalinganlar, shuningdek, jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan quyidagi yordam choralari qo‘llanadi:
– Nogironlikni belgilash va nogironlik guruhini o‘zgartirish (nogironlik guruhi, sababi, muddati, kasbiy mehnatga layoqati yo‘qotilish darajasi) bo‘yicha vrach-maslahat komissiyasi xulosalarini olish va nogironlikni belgilash/rad qilish;
– nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash uchun sertifikatni rasmiylashtirish;
– nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga o‘rgatishga yo‘naltirish (monomarkazlar, kasb-hunarga o‘qitish muassasalari va nodavlat-notijorat tashkilotlar bilan birgalikda);
– muhtojlarga reabilitatsiya qilishning texnik vositalarni (eshitish moslamasi, qo‘ltiq tayoq, hassa, tirsakli qo‘ltiq tayoq, ko‘zi ojizlar uchun hassa, yurish moslamasi (xodunok) va boshqalar) ta’minlashni muvofiqlashtirish;
– nogironligi bo‘lgan shaxslarga Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida statsionar sharoitda davolanish uchun yo‘llanma berish;
– nogironligi bo‘lgan shaxslarga “Parasport o‘yinlarida tasnif qoidalari va prinsiplari”ga ko‘ra parasport bilan shug‘ullanishlari bo‘yicha tavsiyalarni rasmiylashtirish;
– “Muruvvat” internat uylariga joylashtirish uchun murojaatlarni qabul qilish.
Bundan tashqari nogironligi bo‘lgan shaxslarga qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa yordamlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
Tursunboy URAZBAYEV,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.