Jasorat maktabi - O‘zbekistonda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy va ma’naviy barkamolligini shakllantirishga qaratilgan ta’lim muassasasi hisoblanadi. Ushbu maktab harbiy-ta’lim yo‘nalishidagi maxsus dasturlarni amalga oshiradi va yoshlarni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safiga tayyorlashga xizmat qiladi.
“Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlaganlarga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
Prezidentning tegishli (PQ-393-son, 15.11.2024) qaroriga ko‘ra, har bir tuman (shahar)da bitta umumiy oʻrta taʼlim maktabi negizida “Jasorat maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
“Jasorat maktablari”da: matematika, CHQBT, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi, oʻqish uchun oʻquvchilarni saralash 5-sinfdan boshlab amalga oshiriladi, robototexnika, kelajak oʻyinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport oʻyinlari kabi toʻgarak mashgʻulotlari oʻtkaziladi, oʻquv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashgʻulotlar olib boriladi.
CHQBT rahbarlariga qonunchilikda belgilangan tartibda malaka toifalari beriladi.
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining aʼzosi boʻlgan bir nafar oʻquvchiga oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.
Taʼlim tashkilotlarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda “Turon” maktab teatri tanlovi oʻtkazib boriladi.
M. SADIKOVA,
Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.