Mehnat kodeksining 302-311-moddalari xizmat tekshiruvini tartibga soladi. MK 302-moddasiga ko‘ra, xizmat tekshiruvi xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini, uning sodir etilishida xodimning aybini, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni, ish beruvchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan moddiy zararning xususiyati va miqdorini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan tekshirishdir.
MK 303-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqida qaror qabul qilishga haqli. Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror tegishli buyruq bilan rasmiylashtiriladi. Ya’ni har qanday holatda ham xizmat tekshiruvi o‘tkazishga ish beruvchi majbur emas. Masalan, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganlik fakti tasdiqlandi, ish beruvchi ushbu xodimga xizmat tekshiruvisiz ham intizomiy jazo qo‘llashga haqli.
MK 308-moddasiga ko‘ra, xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddati 15 ish kunidan oshmasligi kerak.
Xizmat tekshiruvini ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda, ob’ektiv sabablarga ko‘ra tugallash mumkin bo‘lmagan alohida hollarda, ish beruvchi komissiyaning asoslantirilgan vajlari asosida xizmat tekshiruvini o‘tkazish muddatini yana 15 ish kunigacha uzaytirishga haqlidir.
R.EGAMBERDIYEV,
Urganch tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.