Kuzatuvchi.uz / BYUDJET MABLAG'LARIDAN FOYDALANISH USTIDAN MOLIYAVIY NAZORAT KUCHAYTIRILADI

BYUDJET MABLAG'LARIDAN FOYDALANISH USTIDAN MOLIYAVIY NAZORAT KUCHAYTIRILADI

“Byudjet mablag'laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF-100-son, 10.07.2024-y.) qabul qilindi.

Farmonga ko'ra, quyidagilar amalga oshiriladi:

-O'zbekistonning konsolidasiyalashgan byudjeti ijrosi tashqi auditdan o'tkaziladi va natijasi bo'yicha tegishli xulosalar tayyorlanadi;

-2025-yildan ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo'lgan yirik tashkilotlar faoliyatini auditdan o'tkazish amaliyoti yo'lga qo'yiladi;

-strategik va axborot texnologiyalari auditi turlari joriy etiladi;

- Hukumat tomonidan O'zbekistonning konsolidasiyalashgan byudjeti ijrosi to'g'risidagi yillik hisobotni Hisob palatasiga tashqi audit o'tkazish va baholash uchun hisobot yilidan keyingi yilning 5 martigacha yuborish tartibi belgilandi.

2024-yildan O'zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalariga erishish dasturlarining ijrosi har yili Hisob palatasi tomonidan baholashdan o'tkaziladi hamda natijalari yuzasidan Prezidentga hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot kiritiladi.

Farmonga muvofiq, 2025-yildan:

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari hisobidan hududlarga taqsimlangan mablag'lar bo'yicha ma'lumotlar tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etiladi.

Bunda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarga Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalaridan ajratilayotgan mablag'lar bo'yicha so'rovi va nazorati yo'lga qo'yiladi.

Har chorakda Hisob palatasi tomonidan o'tkazilgan nazorat tadbirlari yakunlari bo'yicha taqdim etilgan axborotlar Hukumatning majlislarida muhokama qilib boriladi.

2025-yil 1-yanvardan moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo'lgan yirik tashkilotlarda ularning birinchi rahbarlari boshchiligida kollegial asosda “Xavflarni boshqarish” qo'mitalari tuziladi.

 

X.MATKARIMOV,

Yangiariq tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti. 

30-09-2024, 12:00
Saytga qaytish