Kuzatuvchi.uz / XODIM QANDAY HOLLARDA ISHDAN CHETLASHTIRILISHI MUMKIN

XODIM QANDAY HOLLARDA ISHDAN CHETLASHTIRILISHI MUMKIN

Ishdan chetlashtirish xodimni mehnat majburiyatlarini, qoida tariqasida, ish haqi saqlanmagan holda bajarishga vaqtincha yo‘l qo‘ymaslikdir.

Ish beruvchi quyidagi hollarda xodimni ishdan chetlashtirishi shart:

qonunchilikka muvofiq vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra;

alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida ishga kelganida yoki ishda bo‘lganida;

mehnatni muhofaza qilish sohasida o‘quvdan hamda bilim va ko‘nikmalari tekshiruvdan o‘tmaganda;

majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganda;

xodim tomonidan mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarish uchun tibbiy xulosaga muvofiq qarshi ko‘rsatmalar aniqlanganda;

tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra to‘rt oygacha muddatga vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga muhtoj bo‘lgan xodimni o‘tkazish rad etilganda yoxud ish beruvchida ish mavjud emasligi munosabati bilan bunday xodimga tegishli ishni taklif etish mumkin bo‘lmaganda;

xodim mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka yoki mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq foydalanilishi shart bo‘lgan shaxsiy va (yoki) jamoaviy himoya vositalaridan foydalanmaganda.

Xodim karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishdan chetlashtirishga haqli.

Xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan taqdirda ham, agar muayyan xodimning ishda bo‘lishi xizmat tekshiruvini o‘tkazishga xalaqit beradi deb taxmin qilish uchun asosli sabablar mavjud bo‘lsa, ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirishga haqli.

Ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilguniga qadar butun davrga uni ishdan chetlashtiradi.

 

Y.XO‘JAMURATOVA,

Yangiariq  tumani yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

30-09-2024, 02:01
Saytga qaytish