Kuzatuvchi.uz / RAQOBAT SOHASIDA BIRINCHI HUQUQBUZARLIK UCHUN – OGOHLANTIRISH

RAQOBAT SOHASIDA BIRINCHI HUQUQBUZARLIK UCHUN – OGOHLANTIRISH

Prezident tomonidan 04.09.2024-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-954-son Qonun imzolandi.

Tovar va moliya bozorlaridagi raqobat masalalariga doir, shuningdek davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi loyihalar Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan majburiy tartibga kelishilishi kerak. 

Tabiiy monopoliya sub’yekti tushunchasiga aniqlik kiritilmoqda:  bu tabiiy monopoliya sharoitlarida tovarlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha faoliyatni  asosiy faoliyat turi sifatida amalga oshiradigan хoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaхslar guruhi.

Shuningdek, raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikning iqtisodiy jihatdan past ta’sir darajasiga ega boʻlgan buzilishini birinchi marta sodir etgan хoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilmaydi va unga bunday huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida ogohlantirish beriladi.

Jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qoʻllaniladi, bundan huquqbuzar sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybini tan olgan va jarimani iхtiyoriy ravishda toʻlagan hollar mustasno.

Huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida ogohlantirish olish, shuningdek jarimani toʻlash raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishiga yoʻl qoʻygan shaхsni vakolatli davlat organining qarorini (taqdimnomasini, koʻrsatmasini) bajarish yoki raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish majburiyatidan ozod etmaydi.

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.


 
29-09-2024, 21:35
Saytga qaytish