Kuzatuvchi.uz / SHAHAR MUHITIDA NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLAR EHTIYOJLARI UCHUN SHAROITLAR YARATILADI

SHAHAR MUHITIDA NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLAR EHTIYOJLARI UCHUN SHAROITLAR YARATILADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18.07.2024-yildagi   "Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-266-sonli qarori qabul qilindi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning xavfsiz va to‘siqsiz harakatlanishi uchun 2024-yil 1-oktabrdan boshlab rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan ob’ektlarning shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratish bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizaga yuboriladi. 

Har yili "Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda" respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish maqsadida qurilish, ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi. 

To‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha ishlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya bilan kelishilgan holda har yili 1-noyabrgacha tasdiqlanadigan Chorrahalarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish dasturiga muvofiq amalga oshiriladi. 

2025-yil 1-yanvardan boshlab ko‘rsatilgan faoliyat turlariga litsenziya olish uchun Ijtimoiy inspeksiyaning xulosasi bo‘lishi kerak. 

2024-yil 1-oktabrdan boshlab shahar yo‘lovchi transporti xizmatlari I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularning bir nafar kuzatuvchisiga bepul taqdim etiladi. 

I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtotransport vositalarini moslashtirish xarajatlarining 50 foizi (BHMning 30 baravarigacha miqdorda) qoplanadi.

 

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

29-09-2024, 20:56
Saytga qaytish