Kuzatuvchi.uz / YER UCHASTKASI QIYMATINI BOʻLIB-BOʻLIB TOʻLASH MUMKIN

YER UCHASTKASI QIYMATINI BOʻLIB-BOʻLIB TOʻLASH MUMKIN

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 06.09.2024-yildagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer resurslarining investitsiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-135-son Farmon imzolandi.  

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida sotib olish qiymatini quyidagi shartlarda har oyda teng ulushlarda, qoldiq summaga Markaziy bankning asosiy stavkasida foiz hisoblagan holda boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi:

Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida – 3 yil davomida kamida 35 % miqdorida dastlabki toʻlovni 15 ish kunida amalga oshirish sharti bilan;

boshqa aholi punktlarida – 5 yil davomida, 4 va 5-toifalardagi tumanlarda esa – 10 yil davomida kamida 15 % miqdorida dastlabki toʻlovni 15 ish kunida amalga oshirish sharti bilan.

Yer uchastkasining qiymati 15 ish kunida toʻliq toʻlangan taqdirda, jami summaga nisbatan 20 % chegirma beriladi, bundan boshlangʻich narxi 50 %dan ortiqqa pasaytirilgan holda realizatsiya qilingan yer uchastkalari mustasno. 

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi, ijara huquqi va doimiy foydalanish huquqi bilan yangidan ajratishda (realizatsiya qilishda) asosiy shartlar asosida mazkur yer uchastkasida bino va inshootlarni loyihalash, qurilishni boshlash va yakunlash hamda ob’yektni foydalanishga topshirish muddatlari majburiy ravishda koʻrsatiladi. 

Yangi realizatsiya qilingan yer uchastkalariga nisbatan ob’yektni foydalanishga topshirish davriga teng boʻlgan, biroq uch yildan koʻp boʻlmagan muddatda yer soligʻi stavkasi 50 % miqdorida qoʻllanadi, bundan Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida joylashgan yer uchastkalari mustasno. 

Loyihalash, qurilishni boshlash va yakunlash hamda ob’yektni foydalanishga topshirish muddatlariga rioya qilinmaganda, hokimlik tomonidan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni bekor qilish toʻgʻrisida sudga da’vo arizasi kiritiladi. Yer uchastkasi boshqa shaxsga realizatsiya qilish uchun elektron onlayn auksionga chiqariladi. 

2025-yil 1-yanvardan boshlab:

yer fondining barcha toifalari va yer turlari, shu jumladan, oldindan mavjud va yangidan ajratiladigan (realizatsiya qilinadigan) yer uchastkalari uchun yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari joriy etiladi;

yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari va kapital qurilish ob’yektlarining yagona klassifikatoriga muvofiq asosiy, shartli ravishda ruxsat berilgan va yordamchi turlarda belgilanadi. Bunda yer uchastkasida joylashgan kapital qurilish ob’yektidan foydalanish maqsadi yer uchastkasining ruxsat etilgan foydalanish turiga muvofiq boʻlishi shart;

yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turi yer uchastkalarini berishda (realizatsiya qilishda), ularni baholash, auksion savdolari uchun boshlangʻich narxini aniqlashda, qurilish sohasida ruxsat beruvchi xususiyatga ega hujjatlarni rasmiylashtirishda, ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlariga yuklamani hisoblashda, soliq stavkalariga oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllashda va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda inobatga olinadi.  

Shuningdek, hujjat bilan: 

yer uchastkasining qiymatini xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga kiritishning asosiy shartlari;

yangi massivlar hududlarini shaharsozlik jihatidan rejalashtirish ishlariga loyiha tashkilotlarini eng yaxshi takliflarni tanlash asosida jalb qilishning asosiy shartlari;

xususiy investorlar tashabbusi bilan barpo etiladigan yangi massivlar hududidagi yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni rasmiylashtirishning asosiy shartlari tasdiqlanmoqda

 

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

29-09-2024, 20:53
Saytga qaytish