Kuzatuvchi.uz / AVTOMOBIL UCHUN ISHONCHNOMА ELEKTRON SHАKLDА BERILАDI

AVTOMOBIL UCHUN ISHONCHNOMА ELEKTRON SHАKLDА BERILАDI

Vazirlar Mahkamasining 20.11.2023-yildagi 613-son qarori bilan Аvtomototransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish boʼyicha davlat xizmatini koʼrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. 

Reglamentga asosan avtomototransport vositasiga ishonchnoma ariza beruvchi tomonidan YaIDXPdan (my.gov.uz) foydalangan holda, oʼzining va ishonchnoma berilayotgan shaxs(lar)ning shaxsga doir maʼlumotlarini kiritish orqali mustaqil ravishda rasmiylashtiriladi. Xususan quyidagi maʼlumotlar kiritiladi: biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi karta hamda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami.

Mazkur davlat xizmati “Notarius” ATdan foydalangan holda koʼrsatiladi. Ishonchnoma ariza beruvchining xohishiga koʼra 1 oy, 6 oy va 3 yil muddatgacha berilishi mumkin.

Bunda ariza beruvchi soʼrovnomada koʼrsatilgan avtomototransport vositasining mulkdori boʼlmasa, ishonchnoma rasmiylashtirilmaydi.

Shuningdek, ishonchnomaga kiritiladigan shaxslar soniga cheklov oʼrnatilmaydi.

Ishonchnomani elektron shaklda rasmiylashtirish uchun davlat boji uning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda, “Davlat boji toʼgʼrisida”gi Qonunda belgilangan davlat bojiga nisbatan foizlarda undiriladi. Ishonchnomaning muddatidan kelib chiqqan holda davlat boji quyidagilarni tashkil etadi:

•          1 oygacha boʼlgan muddatga – 10 foiz;

•          1 oydan ortik va 6 oygacha boʼlgan muddatga – 50 foiz;

•          6 oydan ortiq va 3 yilgacha boʼlgan muddatga – 100 foiz.

Elektron shaklda QR-kod qoʼyilgan holda rasmiylashtirilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan ishonchnoma bilan bir xil yuridik kuchga egadir.

Ishonchnoma quyidagi holatlarda bekor qilingan hisoblanadi:

•          ishonchnomaning amal qilish muddati tugaganda;

•          ishonchnomani bergan shaxs tomonidan bekor qilinganda;

•       ishonchnoma rasmiylashtirilgan vaqtdan soʼng ishonchnomani bergan shaxs muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʼqolgan deb topilganda yoxud u vafot etganda;

•        ishonchnoma berilgan shaxs(lar) muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yoʼqolgan deb topilganda yoxud u vafot etganda;

•          transport vositasining mulkdori oʼzgarganda.

 

Muhayyo MATKARIMOVA,

Urganch tumani yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

31-01-2024, 02:31
Saytga qaytish