Kuzatuvchi.uz / MA’MURIY HUQUQBUZARLIK BO‘YICHA QABUL QILINGAN QARORGA SHIKOYAT BERISH MUDDATI QISQARMOQDA

MA’MURIY HUQUQBUZARLIK BO‘YICHA QABUL QILINGAN QARORGA SHIKOYAT BERISH MUDDATI QISQARMOQDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 25.12.2023-yildagi “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi  O‘RQ-884-son Qonun imzolandi. 

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror ustidan apellyatsiya shikoyat berish   muddati ikki baravarga qisqartirilmoqda (20 sutkadan 10 sutkagacha). 

Ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qabul qilingan qaror ustidan 6 oy ichida  Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida ko‘rib chiqish uchun shikoyat keltirish mumkin. 

Taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) bir oygacha bo‘lgan muddatda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish talab qilib olingan taqdirda esa ikki oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi lozim. 

Shikoyatni o‘rganib chiqish natijalari bo‘yicha Oliy sudning sudyasi o‘z ajrimi bilan quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

• sud qarorlarini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risida;

• shikoyatni ish bilan birga ko‘rib chiqish uchun Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish haqida. 

Ishni sudda ko‘rib chiqishda quyidagi shaxslar ishtirok etishi mumkin:

• ish bo‘yicha o‘ziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs;

• jabrlanuvchi;

• ularning qonuniy vakillari;

• advokat;

• ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzgan organ. 

Ushbu shaxslar sud majlisida bevosita yoxud videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etishi mumkin. 

Prokuror tomonidan taftish tartibida protest kiritilgan ishlar bo‘yicha Bosh prokuror, uning o‘rinbosari yoki ular tomonidan vakolat berilgan prokuror ishtirok etishi shart. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ishni taftish tartibida ko‘rish natijalari bo‘yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

1) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini o‘zgarishsiz, taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirish to‘g‘risida;

2) apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilish va birinchi instansiya sudining qarorini o‘zgarishsiz qoldirish haqida;

3) ish bo‘yicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ish yuritishni tugatish to‘g‘risida;

4) birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarorini o‘zgartirish yoxud bekor qilish va yangi qaror qabul qilish haqida;

5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan doirada o‘zgartirish haqida;

6) taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) qaytarib olingan taqdirda, taftish tartibida ish yuritishni tugatish to‘g‘risida. 

Ishni taftish tartibida ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha chiqarilgan qaror uzil-kesildir.


Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

29-09-2024, 20:38
Saytga qaytish