Kuzatuvchi.uz / ICHKI ISHLAR ORGANLARIGA OLIB KELINGAN SHAXSLARNI ALKOTESTERDA TEKSHIRISHADI

ICHKI ISHLAR ORGANLARIGA OLIB KELINGAN SHAXSLARNI ALKOTESTERDA TEKSHIRISHADI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 05.04.2024-yildagi 190-son “Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlarida alkotester yordamida shaxslarning alkogolli ichimlik iste’mol qilganligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlarida alkotester yordamida shaxslarning alkogolli ichimlik iste’mol qilganligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlariga huquqbuzarlik faktini aniqlash uchun olib kelingan  shaxslar alkogolli ichimlik iste’mol qilganliklarini aniqlash uchun alkotesterda tekshiruvdan o‘tishadi. 

Quyidagilar alkotester tekshiruvini o‘tkazish uchun asos bo‘ladi:

shaxsning og‘iz bo‘shlig‘idan alkogol hidi kelishi;

shaxsning bir holatda to‘g‘ri tura olmasligi (chayqalib turishi);

shaxs nutqining buzilganligi;

shaxs qo‘l barmoqlarining qaltirashi;

shaxs yuz terisi rangining sezilarli o‘zgarganligi. 

Alkotester tekshiruvi kamida 2 nafar xolis ishtirokida, zarur hollarda esa shifokor yoki boshqa mutaxassis ishtirokida o‘tkaziladi. 

Tekshiruvdan oldin mas’ul xodimlar tekshiriluvchi shaxs va xolislarni alkotesterning ishlash tartibi va ko‘rsatkichlari bilan tanishtiradi, ularning talabiga asosan qiyoslash sertifikatini (nusxasini) ko‘rsatadi. 

Tekshiriluvchi shaxsning og‘iz bo‘shlig‘idan chiqarilgan havodagi etanol bug‘lar konsentratsiyasi ko‘rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori bo‘lgan hollarda, mas’ul xodimlar tekshiriluvchi shaxsga nisbatan alkogolli ichimliklarni iste’mol qilganligi holati yuzasidan xolislar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtiradi 

Tekshiriluvchi shaxs alkotester tekshiruvidan o‘tishdan bosh tortgan yoki unda tekshiruv natijalariga e’tiroz mavjud bo‘lgan hollarda, mas’ul xodimlar ushbu shaxsni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun davolash-profilaktika muassasasiga olib boradilar.

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

29-09-2024, 20:29
Saytga qaytish