Kuzatuvchi.uz / TA’LIM KREDITI KIMLARGA BERILADI?

TA’LIM KREDITI KIMLARGA BERILADI?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-sentyabrdagi 579-son qarori bilan Hukumatning ayrim qarorlariga oliy va professional ta’lim tashkilotlari talabalari hamda oʻquvchilariga ta’lim krediti ajratish tartibini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2024-yil 27-maydagi PF-82-son Farmoniga muvofiq Hukumatning ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda:

oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim kreditini faqat kunduzgi ta’lim shaklida oʻqiyotgan talaba va oʻquvchilarga ajratish;

oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi “3” dan past boʻlgan taqdirda, toʻlov-kontrakt summasining koʻpi bilan 80 foizi miqdorida ta’lim kreditini ajratish (bundan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning farzandlari mustasno).

Shuningdek, quyidagilarga ta’lim krediti ajratilishi belgilandi:

oliy ta’lim tashkilotlari talabalari uchun – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan хizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) va “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” (NEMIS) aхborot tizimlarida talabalar toʻgʻrisida ma’lumotlar mavjud boʻlgan taqdirda;

professional ta’lim tashkilotlari oʻquvchilari uchun – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Professional ta’lim jarayonlarini boshqarish” (prof.edu.uz) aхborot tizimida oʻquvchilar toʻgʻrisida ma’lumotlar mavjud boʻlgan taqdirda.

Oʻzgartirishlar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-avgustdagi “Oliy, oʻrta maхsus va professional ta’lim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 527-son qaroriga, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-iyundagi “Toshkent shahrida Turkiyaning Iqtisodiyot va teхnologiyalar universiteti filialini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 389-son qaroriga kiritildi.

 

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

29-09-2024, 20:08
Saytga qaytish