Kuzatuvchi.uz / XODIM SINOV MUDDATI DAVRIDA ISHDAN BO‘SHAGANDA NEUSTOYKA TO‘LAYDIMI?

XODIM SINOV MUDDATI DAVRIDA ISHDAN BO‘SHAGANDA NEUSTOYKA TO‘LAYDIMI?

Mehnat kodeksida mehnat shartnomasi taraflari mehnat shartnomasi muddatidan oldin tugatilganda neustoyka to‘lashi shart bo‘lgan holatlarning to‘liq ro‘yxati mavjud. Ushbu holatlar Mehnat kodeksining 159-moddasida ko‘rsatilgan. Shunday qilib, xodim tomonidan neustoyka to‘lash muddatli mehnat shartnomasi bekor qilinganda amalga oshiriladi:

ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra – xodimning aybli harakatlari bilan bog‘liq bo‘lgan asoslar bo‘yicha, ya’ni uning  o‘z mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzganligi munosabati bilan;

xodimning tashabbusiga («o‘z xohishiga ko‘ra») – Mehnat kodeksining 160-moddasi bo‘yicha. Ushbu holatda ham quyidagi istisnolar amal qiladi. Agar ishdan bo‘shatish tashkilotda ishlashni davom ettirishga imkon bermaydigan holatlar tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, xodim neustoyka to‘lashdan ozod qilinadi. Bunday holatlar quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin: ta’lim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanganligi, xodim sog‘lig‘ining holati, nogironligi bo‘lgan oila a’zosini parvarishlash zarurati, harbiy xizmatni o‘tash uchun turmush o‘rtog‘ining boshqa joyga yuborilishi va boshqalar.

Endi –dastlabki sinov va uning amal qilish muddati davomida xodimni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida.

Ishga kirishda dastlabki sinov xodim uchun quyidagi maqsadlarda belgilanadi:

xodimning topshirilayotgan ishga muvofiqligini tekshirish;

mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni davom ettirish maqsadga muvofiqligi haqida xodim tomonidan qaror qabul qilish.

Shunday qilib, agar xodim sinov muddati tugashidan oldin ushbu ish unga to‘g‘ri kelmasligi haqida qaror qabul qilsa, u soddalashtirilgan tartibda ishdan bo‘shashga haqli – ish beruvchini bu haqda yozma ravishda 3 kundan kechiktirmay xabardor qilish orqali (umumiy tartibda nazarda tutilganidek 14 kalendar kun emas). Bunday holda mehnat shartnomasini bekor qilish Mehnat kodeksining 160-moddasi bo‘yicha emas, balki Mehnat kodeksining 132-moddasi birinchi qismi bo‘yicha amalga oshiriladi.Tegishincha, xodim Mehnat kodeksining 132-moddasi 1-qismi asosida sinov muddati davomida o‘z tashabbusiga ko‘ra ishdan bo‘shaganda, u muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingani uchun neustoyka to‘lamasligi kerak.

Bu haqda 20.11.2023-yildagi 26-sonli Oliy Sud Plenumi Qarorining 11-bandida ham aytilgan: «dastlabki sinov shartlari muddatli mehnat shartnomasiga (6 oydan ortiq muddatga tuzilgan muddatli mehnat shartnomasiga) kiritilgan taqdirda va bu shartnoma muddatidan ilgari bekor qilinganda taraflarning neustoyka to‘lash haqidagi o‘zaro majburiyati ko‘zda tutilgan bo‘lsa, xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganida ish beruvchining xodim tomonidan neustoyka to‘lanishi haqidagi talablari qanoatlantirilmaydi, chunki MKning 159-moddasida neustoykani to‘lashga yo‘l qo‘yiladigan holatlar aniq ko‘rsatilgan».

 

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

29-09-2024, 14:51
Saytga qaytish