Kuzatuvchi.uz / KEKSALAR VA NOGIRONLARGA IJTIMOIY YORDAM KO’RSATISH TIZIMI TAKOMILLASHTIRILMOQDA

KEKSALAR VA NOGIRONLARGA IJTIMOIY YORDAM KO’RSATISH TIZIMI TAKOMILLASHTIRILMOQDA

Prezidentning 27.12.2023-yildagi 410-son “Oʼzgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam koʼrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan ushbu yoʼnalishda ijtimoiy xizmatlar koʼrsatishning ustuvor yoʼnalishlari belgilab qoʼyildi:

• oʼzgalar parvarishiga muhtoj boʼlgan yolgʼiz yashovchi hamda yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarni aniqlash tartib-taomillarini optimallashtirish va raqamlashtirish;

• ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etish;

• oʼzgalar parvarishiga muhtoj boʼlgan shaxslarning salomatligi va turmush sifatini yaxshilash orqali ularning ijtimoiylashuvini taʼminlash;

• ijtimoiy himoya tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;

• yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarning ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan ijtimoiy xizmatlar koʼrsatish tizimini joriy etish.

 

Muhtojlarni aniqlash.

 

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida oʼzgalar parvarishiga muhtoj boʼlgan yolgʼiz yashovchi hamda yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarning reestri yuritiladi.

Markaz shuningdek oʼzgalarning parvarishiga muhtojlik darajasini baholaydi, individual tartibdagi ijtimoiy xizmatlar koʼrsatish rejasini tuzadi.

Yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarning yoʼqotilgan biometrik pasportlari (identifikatsiya ID-kartalari) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi buyurtmasi asosida davlat boji undirilmagan holda almashtirib beriladi. 

Ijtimoiy xizmatlar qanday koʼrsatiladi

2024-yil 1-fevraldan boshlab reestrga kiritilgan yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordam ijtimoiy xizmat koʼrsatish shartnomasi asosida koʼrsatiladi.

2024-yil 1-martdan boshlab yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosda haftaning barcha kunlari xizmat koʼrsatishi uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi.

Vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlash va uning taqdirini hal etishga qaratilgan boshqa bitimlar notarial tasdiqlashdan avval “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan kelishiladi.

2024-yil 1-apreldan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarda shartnoma asosida pullik xizmat koʼrsatish tartibi joriy etiladi.

 

Reestrga kiritilgan yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan va ularni kuzatuvchi shaxsga bir yilda bir marotaba temir yoʼl yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi. 

Ijtimoiy xizmatlarning ishini baholay boshlashadi.

2024-yil 1-martdan boshlab har oyda bir marotaba ijtimoiy xodim assistentlarining faoliyati yolgʼiz keksalarning oʼzlari, mahalladagi ijtimoiy xodimlar va maxsus dastur tomonidan baholanadi. Baholash natijalaridan kelib chiqib “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy xodim assistentlarini ragʼbatlantiradi.

 

Har olti oyda bir marotaba ijtimoiy xizmatlar sifati hamda individual ijtimoiy xizmatlar rejasi natijalari “Inson” markazi xodimi, ijtimoiy xodim, tuman tibbiyot birlashmasining maxsus monitoring guruhi vakili hamda fuqarolar yigʼini raisi tomonidan monitoringdan oʼtkaziladi. Bunda:

• yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarning oddiy va murakkab harakatlarni amalga oshirish imkoniyati baholab boriladi;

• individual ijtimoiy xizmatlar rejasida belgilangan xizmatlarning masʼul xodim tomonidan koʼrsatilgan muddati, natijasi, sifati, samaradorligi, bexatarligi baholanadi. Monitoring maʼlumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritib boriladi;

• ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchi tomonidan xizmatdan qoniqish hosil qilganligi darajasi baholanadi.

 

Tashkiliy oʼzgarishlar:

Аgentlikning “Saxovat” keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslar uchun internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatini Ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash markazi sifatida qayta nomlanmoqda. 

Markazlarda yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslar uchun ijtimoiy-mehnat reabilitatsiya xonalari tashkil etiladi. Istiqomat qiluvchi har 100 kishiga bir nafardan ijtimoiy xodim, reabilitolog va mehnat yoʼriqchisi shtat birliklari joriy etiladi. Markazda istiqomat qiluvchilar mehnat faoliyati bilan shugʼullanishlari mumkin. 

2024-yil 1-apreldan boshlab Samarqand va Fargʼona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:

• ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga koʼra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;

• ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari koʼrsatiladi. Bunda mazkur xizmatlardan:

- “Ijtimoiy himoya yagona reestri” АTga kiritilgan oilalarning oʼzgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi boʼlgan shaxslari bir yilda bir marta bepul;

- Ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash markazlari joylashgan hududdagi keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslar shartnoma asosida foydalanadi.

 

2024-yil 1-maydan boshlab reestrga kiritilgan yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini toʼlash boʼyicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiena tovarlari uchun har oyda qoʼshimcha pul toʼlovlari oʼrniga yolgʼiz keksalar va nogironligi boʼlgan shaxslar uchun har oyda minimal isteʼmol xarajatlari miqdorida moddiy yordam toʼlanadi. 

Hujjat bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj keksa va nogironligi boʼlgan shaxslarni qoʼllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish boʼyicha “Yoʼl xaritasi” tasdiqlandi.

 

Muhayyo MATKARIMOVA,

Urganch tumani yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

 

31-01-2024, 02:25
Saytga qaytish