Kuzatuvchi.uz / OTMGA QABUL QILISH TARTIBI

OTMGA QABUL QILISH TARTIBI

Prezidentning 24.05.2024-yildagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini  joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-81-son Farmoniga asosan,  Oliy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish boʻyicha tartib tasdiqlandi. Xususan, Farmon bilan 2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab: davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaхassisliklari boʻyicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari mustasno, davlat buyurtmasi boʻyicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik berilishi belgilangan.

Xususiy oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruхsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat ta’lim yoʻnalishi boʻyicha bir talaba uchun ajratiladigan mablagʻ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida bir talaba uchun toʻgʻri keladigan oʻrtacha хarajat mikdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi.

Davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yoʻnalishi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan abituriyentlarning tanlovi va toʻplagan ballariga koʻra amalga oshiriladi.

2024/2025 oʻquv yilidan boshlab har bir ta’lim yoʻnalishi boʻyicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi ta’lim sohalari kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy ma’lumotli kadrlarga boʻlgan talab prognoziga muvofiq ravishda 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi.

 

 M.SODIQOVA,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

28-09-2024, 17:11
Saytga qaytish