Kuzatuvchi.uz / O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SAYLOV O‘TKAZISHNING ASOSIY PRINSIPLARI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SAYLOV O‘TKAZISHNING ASOSIY PRINSIPLARI

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan, O‘zbekiston Respublikasida  saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, saylov ochiq va oshkora o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiydir.

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir.

Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, ijtimoiy mavqeyi, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir. Saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengashlar deputatlari fuqarolar tomonidan bevosita saylanadi.

Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanadi.

 

M.SODIQOVA,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

26-09-2024, 01:59
Saytga qaytish