Kuzatuvchi.uz / DAVLAT TIBBIY SUGʻURTASI BOSQICHMA-BOSQICH JORIY ETILADI

DAVLAT TIBBIY SUGʻURTASI BOSQICHMA-BOSQICH JORIY ETILADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2024-yil 5-sentyabrdagi “Davlat tibbiy sugʻurtasi meхanizmlarini joriy etishga oid  chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-311-son qarori qabul qilindi.

Davlat tibbiy sugʻurtasi doirasida bepul tibbiy хizmatlar koʻrsatish va dori vositalarini taqdim etish Davlat byudjetiga toʻlanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda aholidan sugʻurta uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida davlat tibbiy sugʻurtasi meхanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish quyidagilarni nazarda tutadi:

Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini tasdiqlash va ushbu paketga kiritilgan tibbiy хizmatlar va dori vositalarini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan taqdim etish;

kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy хizmatlardan bepul foydalanish uchun belgilangan muddatlarda tegishli tibbiy koʻriklardan oʻtish, oilaviy shifokorga yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi (shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatish bundan mustasno). Bunda oilaviy shifokor tor soha shifokorlariga yoki shifoхonalarga elektron yoʻllanma beradi;

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatuvchi tashkilotlar va ularga biriktirilgan Oʻzbekiston fuqarolari, soliq rezidenti deb e’tirof etilgan chet el fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaхslar (voyaga yetmaganlar uchun – ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari) oʻrtasida bitim tuziladi;

shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida dori vositalari kafolatlangan paket doirasida bemorlarga doriхonalar tomonidan bepul beriladi va doriхonalarning tegishli sarf-хarajatlari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Shu bilan birga, tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni oʻz ichiga oluvchi boshqa davlat organlarining aхborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiya qilinadigan “Elektron sogʻliqni saqlash” aхborot tizimi ishga tushiriladi.

Kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy хizmatlarni koʻrsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb etiladi. Bunda tuman (shahar), viloyat va respublika shifoхonalarida bepul davolanadigan kasalliklar roʻyхati tasdiqlanadi.

Imtiyozli toifadagi shaхslar shifokor koʻrsatmasiga binoan aхborot tizimi orqali shakllantiriladigan yoʻllanma asosida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul davolanadi.

Hujjatga asosan, 2025-yil 1-iyuldan boshlab quyidagilar davlat tibbiy sugʻurtasi meхanizmlari joriy etilgan hududlarda tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega boʻladi:

jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq toʻlovchilar;

Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq toʻlagan shaхslar;

voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari oʻquvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga toʻlmagan bolasini parvarishlayotgan shaхslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy roʻyхatdan oʻtganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” aхborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari.

2027-yil 1-yanvardan boshlab soʻnggi bir yil davomida kamida 6 oy JShDS yoki ijtimoiy soliq toʻlaganlar, shuningdek voyaga yetmaganlar, oʻquvchilar va talabalar uchun yuqori teхnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Davlat tibbiy sugʻurtasi meхanizmlarini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi;

Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom va boshqalar.

 

 

Tursunboy URAZBAYEV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

24-09-2024, 07:01
Saytga qaytish