Kuzatuvchi.uz / SAVOL BERING JAVOB BERAMIZ

SAVOL BERING JAVOB BERAMIZ

Savol: Men tibbiyot birlashmasida oilaviy shifokor bo‘lib ishlayman, UZI vrachligi bo‘yicha qayta tayyorlovda o‘qimoqchiman. Shu holatda meni ish joyim va ish haqim saqlanadimi yoki yo‘qmi?

Javob: Xodimlarni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga bo‘lgan zaruratni ish beruvchi belgilaydi, bundan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish zarurati mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan hollar mustasno.

- Xodimlarni qayta tayyorlashga va o‘z malakasini oshirishga yuborish tartibi mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilanadi.

- Xodim ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo‘lgan qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilgan taqdirda, ish beruvchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida xodimning ish joyini (lavozimini) va o‘rtacha ish haqini saqlab qolishi shart.

- Agar qayta tayyorlash yoki malaka oshirish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilsa, ish beruvchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish vaqtida xodimning ish joyini (lavozimini) saqlab turishi shart. Xodimning o‘rtacha ish haqini saqlab qolish masalasi jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatda yoxud mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra hal qilinadi.

- Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shakllari, zarur kasblar hamda mutaxassisliklarning ro‘yxati ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishgan holda belgilanadi (Mehnat kodeksining 370-moddasi).

Yuqoridagi normadan kelib chiqib, ish beruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25-maydagi PQ-5124-sonli "Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi   qaroriga asosan onalar va bolalarni xavf guruhlariga ajratib, ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish maqsadida bo‘sh turgan UTT (UZI) vrachi shtatini to‘ldirish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishib belgilangan bo‘lsa va ish beruvchi tomonidan Siz majburiy tartibda shu qayta tayyorlovdan o‘tish uchun yuborilgan bo‘lsangiz unda sizni qayta tayyorlov davrida o‘rtacha ish haqingiz va ish joyingiz saqlanadi. Lekin siz o‘zingiz xohlab, kasbingizni o‘zgartirish maqsadida qayta tayyorlov kursiga bosangiz bu holda faqat ish joyingiz saqlanadi, ish haqingiz esa saqlanmaydi.

 

J.OTAJONOV,

Urganch tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshligʻi.

24-07-2024, 04:02
Saytga qaytish