Kuzatuvchi.uz / YURIDIK TAʼLIMDA ISLOHOT: YANGI HUJJAT BILAN NIMALAR OʻZGARYAPTI?

YURIDIK TAʼLIMDA ISLOHOT: YANGI HUJJAT BILAN NIMALAR OʻZGARYAPTI?

Hozirgi kunda yuridik fanlarning yutuqlaridan qonun ijodkorligi jarayonida, huquqni qoʻllash amaliyotida, yuridik taʼlimni rivojlantirishda keng foydalanilmoqda. Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qonun va qarorlarning sifati, oʻz navbatida yuridik taʼlim sifati bilan chambarchas bogʻliqdir.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida Adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisidagi” Farmoni ham buning yorqin misolidir.

Ushbu Farmonning 10-bandida Adliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining yuridik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan bir qancha ishlarni amalga oshirish nazarda tutildi. Jumladan, maktablarda “Huquq sinfi” va huquq fanlari chuqurlashtirilgan holda oʻqitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda “maktab — litsey — texnikum — universitet” tizimini joriy etish hamda Namangan va Samarqand viloyatlari yuridik texnikumlari negizida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik litseylarini tashkil qilish hamda ularning iqtidorli bitiruvchilarini “yurisprudensiya” yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalariga suhbat asosida test sinovlarisiz qabul qilish nazarda tutildi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent davlat yuridik universiteti akademik litseylarining iqtidorli bitiruvchilarini “yurisprudensiya” yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalariga suhbat asosida test sinovlarisiz qabul qilish tartibini belgilovchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish bilan bogʻliq masalalar xam berib oʻtilgan.

Yuqoridagi Farmoning 12-bandida esa, davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida:

adliya organlari va muassasalari faoliyati, huquqiy xizmatlar koʻrsatish, sud ekspertiza, arxiv ishi va ish yuritish sohalarini ilmiy-metodik va konsultativ jihatdan taʼminlash;

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish ishlari samaradorligini ilmiy tadqiq etish va tavsiyalar ishlab chiqish;

huquqshunoslikning dolzarb masalalari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;

yuridik taʼlim va huquqiy xizmatlar koʻrsatish sohalarini huquqiy texnologiyalarni qoʻllash orqali rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;

loyihaviy yondashuv asosida adliya organlari va muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlari va grantlar hisobidan hudud va sohalardagi huquqiy muammolarni joyiga chiqqan holda tadqiq qilish va takliflar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilishi borasida ham soʻz yuritilgan.

 

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

29-06-2024, 07:08
Saytga qaytish