Kuzatuvchi.uz / YURIDIK SHAXSLAR VA YATT LAR SHAXSIY KABINETI ORQALI SOLIQ TOʻLASHIGA IMKONIYAT YARATILISHI MUMKIN

YURIDIK SHAXSLAR VA YATT LAR SHAXSIY KABINETI ORQALI SOLIQ TOʻLASHIGA IMKONIYAT YARATILISHI MUMKIN

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 89-moddasiga oʻzgartish kiritishni nazarda tutuvchi Qonun loyihasi (ID-97811) muhokamaga qoʻyildi.

Unga koʻra, mazkur moddaning 1-qismiga oʻzgartirish kiritilib, quyidagi mazmunda bayon etilmoqda.

Yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkor qachonki, soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali pul mablagʻlarini soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaragʻidan byudjet tizimining tegishli gʻaznachilik hisobvaragʻiga oʻtkazishga doir topshiriqnoma bankka taqdim etilgan paytdan eʼtiboran – soliq toʻlovchining hisobvaragʻida toʻlov kunida yetarlicha pul qoldigʻi mavjud boʻlgan taqdirda yoki soliq organlariga integratsiya qilingan elektron toʻlov tizimlar orqali toʻlanganda ularning soliqni toʻlash boʻyicha majburiyati bajarilgan deb eʼtirof etiladi.

Bugungi kunda yuridik shaxslar va YATTlarning soliqlar va yigʻimlari uchun toʻlovlar xizmat koʻrsatuvchi bank hisobvaragʻi orqali toʻlanmasdan, jismoniy shaxslar tomonidan elektron toʻlov tizimlari (PayMe, Click, Paynet, Uzum va boshqalar) orqali amalga oshirilishi holatlari kuzatilmoqda.

Jumladan, 2023-yilning 9 oyi davomida 505 134 ta yuridik shaxslar va YATTlarning soliqlar va yigʻimlari uchun 371,6 mlrd soʻmlik toʻlovlari jismoniy shaxslar tomonidan elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshirilgan. Shundan, 258,2 mlrd soʻmlik toʻlovlar xatolik bilan toʻlanganligi natijasida yuridik shaxslar va YATTlarning shaxsiy hisobvaragʻida aks etmasdan (shundan, notoʻgʻri toʻlangan 138,2 mlrd. soʻmlik toʻlovlar soliq toʻlovchilarning murojaatlariga asosan qaytarilgan) notoʻgʻri gʻaznachilikka toʻlangan summalar sifatida aks ettirilishiga olib kelmoqda.

Mazkur normaning kiritilishi natijasida soliqlarni toʻlash bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarishda qulayliklar yaratiladi, yaʼni shaxsiy kabinetidan foydalanib, soliq toʻlanishi mumkin boʻladi. Qolaversa, xatolik bilan toʻlangan soliq toʻlovlarining soni va summasi keskin kamayadi.

Xususan, xoʻjalik yurituvchi subyektning soliq maʼmuriyatchiligi yuritiladigan hududning oʻzgarishi natijasida, shaxsiy kabinetda soliqlar va yigʻimlar boʻyicha gʻazna hisobvaraqlarining oʻzgarishi avtomat tarzda amalga oshiriladi. Natijada soliqlar va yigʻimlarni toʻlash bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarishda xatolik bilan toʻlovlarni amalga oshirishning oldi olinadi.

Shuningdek, soliq toʻlovchi tomonidan toʻlangan toʻlovlar Soliq kodeksining 60-moddasiga muvofiq xatolik bilan toʻlangan soliq (penya, jarima) summasi deb hisoblanib, buning natijasida bajarilmagan soliq majburiyatiga nisbatan Soliq kodeksining 110-moddasiga asosan penya hisoblanishining oldi olinadi.

Bundan tashqari, soliq toʻlovchi tomonidan xatolik bilan toʻlangan soliq (penya, jarima) summasi unga nisbatan qoʻllanilgan moliyaviy jarima summasini toʻlash jarayonida Soliq kodeksining 218-moddasiga asosan moliyaviy jarima miqdorining ikki baravarga kam toʻlash yengilligidan foydalana olmaslik holatlariga chek qoʻyiladi.


 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

29-06-2024, 07:07
Saytga qaytish