Kuzatuvchi.uz / UY-JOY UCHUN SUBSIDIYA OLISH TARTIBLARI OʻZGARTIRILDI. NIMALARNI BILISH KERAK?

UY-JOY UCHUN SUBSIDIYA OLISH TARTIBLARI OʻZGARTIRILDI. NIMALARNI BILISH KERAK?

2024-yilda ipoteka krediti ajratish, aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid Prezident Farmoni qabul qilindi. Unga koʻra joriy yilda Respublikada jami 100 mingta koʻp kvartirali uy-joy quriladi, shundan 16 mingtasi Toshkentda. Shuningdek, Farmon bilan ipoteka krediti va subsidiya ajratishga oid bir qator yangiliklar kiritildi.

1. Uy-joy sharoitini yaxshilash ehtiyoji borlar uchun ipoteka kredit berishning yangi tizimi yaratildi

Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilash ehtiyoji borlarga 2024-yil 1-iyundan “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida 120 million soʻmgacha 20-yil muddatga ipoteka krediti beriladi.

Kredit foizi esa Markaziy bankning asosiy stavkasidan (hozirda 14 foiz) 4 foiz yuqori, yaʼni 18 foiz boʻladi

Bu mablagʻdan aholi “uchastka” qurish, mavjud uyni rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun ishlatishi mumkin.

Mazkur kredit uchun subsidiya ham beriladi:

– kredit boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun – ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida, masalan 100 mln kredit olinsa, 15 mln soʻm;

– foizning bir qismini qoplash uchun – kredit muddatining birinchi 5-yilida 12 foizdan oshgan qismiga, yaʼni 18 foizning 6 foiziga.

Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan oilalarning roʻyxati “Onlayn mahalla” platformasida yuritiladi.

2. Uy-joy uchun subsidiya miqdori va kredit foizini qoplab berish stavkasi kamaytirildi

Uy-joyga subsidiya olish uchun arizalar 15-maydan 1-noyabrgacha qabul qilinadi.

Endilikda dastlabki toʻlov uchun 30 mln soʻm subsidiya beriladi, ilgari 32 mln soʻm edi.

Shuningdek, subsidiya asosida olingan kredit foizining 12 foizidan oshgan qismi qoplab beriladi, ilgari 10 foizidan oshgan qismiga berilgan. 2025-yildan boshlab esa faqat Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan miqdor qoplab beriladi. Masalan asosiy stavka 14 foiz boʻlsa, kredit foizi 18 boʻlsa, 4 foiz qoplab beriladi.

Ipoteka asosida yangi uy olayotganda kreditni sugʻurta qilish bekor qilindi.

Subsidiya asosida ajratiladigan kredit miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 330 mln, Toshkent shahrida esa 420 mln.ni tashkil qiladi. Ilgari mazkur miqdor tegishlicha 327 mln va 416 mln edi.

Subsidiya asosida ajratilgan kredit sotib olinayotgan uy narxiga yetmasa, banklar oʻz mablagʻidan kredit ajratishi mumkin. Masalan, uy narxi 600 mln, subsidiya esa 420 mln, 180 mln yetmaganini bank oʻzi kredit sifatida beradi va foizini ham mustaqil belgilaydi, yaʼni foizi qimmatroq boʻladi.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

29-06-2024, 07:02
Saytga qaytish