Kuzatuvchi.uz / MULK IJARASI SHARTNOMASI, U QANDAY TARTIBGA SOLINADI?

MULK IJARASI SHARTNOMASI, U QANDAY TARTIBGA SOLINADI?

Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligida mulk ijarasi bilan bogʻlik munosabatlar tartibda solingan bulib, unga koʻra, mulk ijarasi shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi.

Mol-mulkini ijaraga berish huquqi shu mol-mulk egasiga tegishlidir. Qonun yoki mulkdor tomonidan mol-mulkni ijaraga berish vakolati berilgan boshqa shaxslar ham ijaraga beruvchi boʻlishlari mumkin. Mulk ijarasi shartnomasi bir yildan ortiq muddatga moʻljallangan boʻlsa, taraflardan birontasi yuridik shaxs boʻlgan hollarda esa, muddatidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart. Koʻchmas mulk ijarasi shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Mulk huquqining kelgusida ijarachiga oʻtishini nazarda tutuvchi mulk ijarasi shartnomasi, bunday mulkning oldi-sotdi shartnomasi uchun nazarda tutilgan shaklda tuziladi.

Mulk ijarasi shartnomasi shartnomada belgilangan muddatga tuziladi. Agar mulk ijarasining muddati shartnomada belgilanmagan boʻlsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda taraflardan har biri boshqa tarafni bir oy oldin, koʻchmas mulk ijarasida esa––uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, istagan paytda shartnomadan voz kechishi mumkin. Qonun yoki shartnomada nomuayyan muddatga tuzilgan mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqida oldindan ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilab qoʻyilishi mumkin. Qonunda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek mol-mulkning ayrim turlarini ijaraga olish uchun eng koʻp (oxirgi) muddatlar belgilab qoʻyilishi mumkin. Bunday hollarda, basharti ijara muddati shartnomada belgilangan boʻlmasa va qonunda belgilangan oxirgi muddat tugagunicha taraflardan hech qaysisi shartnomadan voz kechmasa, oxirgi muddat oʻtishi bilan shartnoma bekor boʻladi. Qonunda belgilangan oxirgi muddatdan ortiq muddatga tuzilgan bunday mulk ijarasi shartnomasi oxirgi muddatga teng muddatga tuzilgan hisoblanadi. Agar ushbu Fuqarolik Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:

1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;

2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan oʻzga hollarda.

Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli boʻlgan narsadan koʻp darajada mahrum boʻladigan qilib zarar yetkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.

Bir taraf shartnomani bajarishdan toʻla yoki qisman bosh tortib, qonun yohud taraflarning kelishuvida bunga yoʻl qoʻyilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining551-moddasida “ijaraga beruvchining talabi boʻyicha mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish»tartibi belgilangan boʻlib, unga koʻra,Mulk ijarasi shartnomasi ijaraga beruvchining talabi bilan sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin. Bunda quyidagilar inobatga olinadi -  agar ijaraga oluvchi:

- ijaraga beruvchining yozma ogohlantirishiga qaramasdan mol-mulkdan shartnoma shartlarini yoki mol-mulkning vazifalarini jiddiy ravishda buzgan yoxud bir necha marta buzgan holda foydalansa;

- mol-mulkni jiddiy yomonlashtirsa;

- shartnomada belgilangan toʻlov muddatini ketma-ket ikki martadan ortiq buzib, mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq toʻlamasa;

- qonun hujjatlariga yoki shartnomaga muvofiq kapital taʼmirlash ishlarini bajarish ijaraga oluvchi zimmasidagi majburiyat boʻlgan hollarda shartnomada belgilangan muddatlarda, shartnomada bunday muddat belgilangan boʻlmasa, oqilona muddatlarda mol-mulkni kapital taʼmirlashni amalga oshirmasa.

Mulk ijarasi shartnomasida ushbu Kodeksning 382-moddasiikkinchi qismigamuvofiq ijaraga beruvchining talabi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.

Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini yozma ravishda ogohlantirganidan va unga oʻz majburiyatlarini bajarish uchun imkoniyat berganidan keyingina shartnoma muddatidan oldin bekor qilinishini talab qilishga haqli.

 

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

29-06-2024, 06:55
Saytga qaytish