Kuzatuvchi.uz / ISHDAN BOʻSHAMASDAN TAʼTILLARNI PULLI KOMPENSATSIYAGA ALMASHTIRISH MUMKINMI? MUHIM 6 QOIDA

ISHDAN BOʻSHAMASDAN TAʼTILLARNI PULLI KOMPENSATSIYAGA ALMASHTIRISH MUMKINMI? MUHIM 6 QOIDA

Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillari uchun pulli kompensatsiya toʻlanadi. Ishdan boʻshamasdan ham taʼtillar uchun kompensatsiya olish mumkinmi?

1. Foydalanilmagan taʼtillar kuyib ketadimi?

Yoʻq, xodim tomonidan foydalanilmagan taʼtillar kuyib ketmaydi. Xodim necha yil taʼtilga chiqmagan boʻlsa, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillari uchun pulli kompensatsiya toʻlanadi.

2. Asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillariga nimalar kiradi?

Xodimlarga har yili berilishi majburiy boʻlgan davomiyligi kamida 21 kalendar kun boʻlgan va haq toʻlanadigan taʼtil asosiy taʼtil hisoblanadi. Ayrim toifadagi xodimlar uchun uzaytirilgan asosiy taʼtillar beriladi:

1) 18 yoshgacha boʻlgan shaxslarga — 30 kalendar kun;

2) I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga — 30 kalendar kun.

3) davlat xizmatchilariga – 27 kalendar kun;

4) ayrim pedagoglar uchun – 56 kalendar kun.

Quyidagilar qoʻshimcha taʼtil hisoblanadi:

Quyidagilar qoʻshimcha taʼtil hisoblanadi:

noqulay mehnat sharoitlarida band boʻlgan xodimlar uchun yillik qoʻshimcha taʼtil;

noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun har yilgi qoʻshimcha taʼtil;

bitta tashkilotda yoki tarmoqda koʻp yillik ish staji uchun beriladigan har yilgi qoʻshimcha mehnat taʼtili.

3. Ishdan boʻshamasdan turib ham foydalanilmagan taʼtillarni kompensatsiyaga almashtirish mumkinmi?

Ha, mumkin, lekin hammasini emas. Xodimlar ish davrida oʻz xohishiga yillik taʼtilining 21 kunidan ortiq qismini pulli kompensatsiya bilan almashtirishi mumkin. Yaʼni xodimga 30 kalendar kun taʼtil beriladigan boʻlsa 9 kunini ishdan boʻshamasdan turib kompensatsiya bilan almashtirishi mumkin.

Shuningdek, xodim bir necha yillar davomida taʼtildan foydalanmagan boʻlsa, uning bir qismini ham ishlab turgan vaqtida kompensatsiya qilib olishi mumkin. Masalan, xodim 5-yil taʼtilga chiqmagan, xodimning yillik taʼtili 30 kun, bunda 5-yilning har bir yilidan 21 kun majburiy qismi olib tashlanadi, har yil uchun 9 kun yaʼni jami 40 kun uchun kompensatsiyani ishlab turgan vaqtda olsa boʻladi. Taʼtilning qolgan qismidan taʼtilga chiqib foydalanish mumkin yoki ishdan boʻshayotganda kompensatsiya qilib beriladi.

4. Xodim jinoyat sodir qilgani uchun ishdan boʻshatilsa, foydalanilmagan taʼtillari uchun kompensatsiya beriladimi?

Ha, beriladi. Barcha foydalanilmagan asosiy va qoʻshimcha taʼtillarni pulli kompensatsiya qilish uchun ishdan boʻshash asosining ahamiyati yoʻq. Har qanday holatda ham foydalanilmagan taʼtil uchun kompensatsiya berilishi shart.

5. Qaysi taʼtillarni ishlab turgan vaqtda kompensatsiya qilish mumkin emas?

Quyidagi taʼtillarni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi, ular asl holicha foydalaniladi:

– 18 yoshga toʻlmagan xodimlarga, I yoki II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga beriladigan ijtimoiy taʼtillar, ularga beriladigan har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat taʼtillari;

– noqulay mehnat sharoitlarida band boʻlgan xodimlar uchun yillik qoʻshimcha taʼtil;

– noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun har yilgi qoʻshimcha taʼtil.

Bundan tashqari, homiladorlik va tugʻish taʼtillari, bola parvarishlash taʼtili, oʻquv taʼtili va ijodiy taʼtillar boshqa muddatga oʻtkazilishi mumkin emas. Mazkur taʼtillar pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

6. Ishdan boʻshagandan keyin kompensatsiya pullari qancha vaqtda toʻlab beriladi?

Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga berilishi kerak boʻlgan barcha summalar mehnat shartnomasi bekor qilingan kunda toʻlanishi kerak. masalan, mehnat shartnomasi 20-may kuni bekor qilinsa, xodim bilan hisob-kitob ham shu kunda qilinishi kerak.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

29-06-2024, 06:48
Saytga qaytish