Kuzatuvchi.uz / HADYA SHARTNOMASI BOʻYICHA MUHIM QOIDALAR

HADYA SHARTNOMASI BOʻYICHA MUHIM QOIDALAR

Koʻplab fuqarolar bir-biriga hadyalar berishadi, lekin hadya shartnomasi shartlariga amal qilishmaydi. Bu esa keyinchalik hadya shartnomasining haqiqiy emasligiga yoki hadyaning qaytarib olinishiga sabab boʻladi. Hudud24.uz ushbu maqolada hadya shartnomasi haqida maʼlumot beradi.

Hadya shartnomasi oʻzi nima?

Bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga oʻziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabi)ni beradi yo berish majburiyatini oladi, yoxud uni oʻzi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini boʻyicha tuzilgan shartnoma hisoblanadi.

Qisqa qilib aytganda, hadya bu bir shaxsning boshqa shaxsga mulkni sovgʻa qilib tekinga berishidir.

Hadyani rad etish mumkinmi?

Hadya oluvchi oʻziga hadya topshirilgunga qadar istagan vaqtida uni rad etishga haqli. Bunday holda hadya shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi.

Agar hadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan boʻlsa, hadyani rad etish ham yozma shaklda amalga oshirilishi kerak. Agar hadya shartnomasi roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, hadyani qabul qilishni rad etish ham davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.

Agar hadya shartnomasi yozma tuzilgan boʻlsa, hadyani olmagan shaxsdan hadya beruvchi unga yetkazilgan zararni ham talab qilishi mumkin.

Hadya shartnomasi qanday tuziladi?

Hadya qilish, ayni paytda hadyani hadya oluvchiga topshirish ogʻzaki amalga oshirilishi mumkin.

Shu bilan birga, Koʻchar mulkni hadya qilish shartnomasi hadya qiluvchi yuridik shaxs boʻlganida, fuqarolar oʻrtasida BHMning 10 baravaridan (3 400 000 soʻmdan) ortiq summaga shartnoma tuzilayotganda hamda shartnomada kelajakda hadya etish vaʼda qilingan hollarda oddiy yozma shaklda tuzilishi lozim.

Shuningdek, koʻchmas mulkni hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.

Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan avtomototransport vositalarini hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak.

Hadya shartnomasini bekor qilish mumkinmi?

Ha.

1. Hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila aʼzolari yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sogʻligʻiga qarshi ataylab jinoyat sodir qilgan hollarda hadyani bekor qilishga sud tartibida yoʻl qoʻyiladi.

2. Hadya oluvchi hadya qiluvchini qasddan oʻldirgan taqdirda hadya qiluvchining vorislari sudda hadyani bekor qilishni talab etish huquqiga ega.

3. Agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega boʻlgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yoʻq boʻlib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadya bekor etilishini sud tartibida talab qilishga haqli.

4. Manfaatdor shaxsning talabiga binoan sud yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik va jismoniy shaxsning toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilik qoidalarini buzib, toʻlovga qobiliyatsizlik haqida ish qoʻzgʻatilishidan oldingi bir yil ichida oʻzining tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq mablagʻlar hisobidan qilgan hadyasini bekor qilishi mumkin.

Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qoʻyilishi mumkin.

Hadya bekor qilingan taqdirda hadya oluvchi hadya qilingan ashyoni, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatda saqlanib qolgan boʻlsa, qaytarishi lozim.

Qanday hollarda hadyani bekor qilish mumkin emas?

Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qoidalar ogʻzaki tuzilgan hadya shartnomalariga nisbatan qoʻllanmaydi.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.


 

 

29-06-2024, 06:40
Saytga qaytish