Kuzatuvchi.uz / DAVLAT HISOBIDAN YURIDIK YORDAM ENDI FUQAROLIK VA MAʼMURIY ISHLAR BOʻYICHA HAM KOʻRSATILADI?

DAVLAT HISOBIDAN YURIDIK YORDAM ENDI FUQAROLIK VA MAʼMURIY ISHLAR BOʻYICHA HAM KOʻRSATILADI?

Ayni paytgacha rrespublikamizda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish uchun advokat faqat jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan jalb etilar edi. Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyunda qabul qilinib, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kirgan “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi qonuniga binoan, endi fuqarolik va maʼmuriy ishlar boʻyicha ham bepul advokatlar qatnashishi joriy etildi.

Qonunning 9-moddasida fuqarolik ishlari boʻyicha daʼvogar yoki javobgar, maʼmuriy ishlar boʻyicha arizachi boʻlgan jismoniy shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilandi. Qonunning 11-moddasida esa fuqarolik va maʼmuriy ishlar boʻyicha davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladigan ishlar toifasi qayd etilgan.

Hozirgi kunda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni elektron, yaʼni inson omilisiz “Yuridik yordam” axborot tizimi (http://e-advokat.uz) orqali tasodifiy tanlash imkoniyati yaratilgan. Mazkur tizimda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatgan advokatlar haqidagi maʼlumotlar ochiq va shaffof holda eʼlon qilinadi.

Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali, shu jumladan fuqarolik ishlari boʻyicha daʼvogar yoki javobgarning iltimosi asosida sud tomonidan yuboriladi. Soʻrovni yuborishda vakolatli organ (mansabdor shaxs) oʻsha jismoniy shaxsning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida hisobda turganligini tekshiradi. Agar davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladigan jismoniy shaxs “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida hisobda turmagan boʻlsa, davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov “Yuridik yordam” axborot tizimida roʻyxatga olinmaydi.

Bordiyu, davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi ariza yoki soʻrov yuqoridagi qonun talablariga muvofiq boʻlmasa, jismoniy shaxsning vakili tegishli hujjatlarni taqdim etmay ariza bersa, psixiatriya yordami koʻrsatuvchi tibbiyot muassasasining maʼlumotnomasi yoinki xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi buzilganligi bilan bogʻliq ish sudda koʻrib chiqilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar mavjud boʻlmasa, jismoniy shaxs (uning vakili) oʻz hujjatlarida yolgʻon yoxud notoʻgʻri axborot taqdim etgan boʻlsa, jismoniy shaxsga ilgari aynan shu fuqarolik yoki maʼmuriy ish boʻyicha hamda ayni oʻsha predmet va asoslar boʻyicha davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatilgan boʻlsa (bundan yangi ochilgan holatlar boʻyicha qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini qayta koʻrib chiqish hollari mustasno), davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish rad etiladi.

Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish rad etilgan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi jismoniy shaxsni yoki soʻrov yuborgan vakolatli organni (mansabdor shaxsni) rad etish sabablarini koʻrsatgan holda xabardor qiladi. Buning uchun yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Qonunga koʻra, davlat hisobidan yuridik yordamni moliyalashtirish davlat byudjeti va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Agar fuqarolik ishlari boʻyicha sudning hal qiluv qarori davlat hisobidan yuridik yordam olgan jismoniy shaxsning foydasiga qabul qilinsa, sud ikkinchi tarafdan advokat xizmati xarajatlarini belgilangan miqdorda davlat byudjeti foydasiga undirib oladi (bundan ikkala taraf ushbu Qonunga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar deb eʼtirof etilgan hollar mustasno).

Bordiyu, jismoniy shaxs oʻzining davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi toifalardan biriga kiritilishi uchun yolgʻon yoki chalgʻituvchi maʼlumotlar taqdim etganligi fakti aniqlangan taqdirda, barcha xarajatlar uning hisobidan qoplanadi.

Xulosa qilib aytganda, bepul yuridik yordam koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirilishi va shaffoflashtirilishi odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qiladi.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

29-06-2024, 06:37
Saytga qaytish