Kuzatuvchi.uz / BOLALARNING 10 TA MUHIM HUQUQI

BOLALARNING 10 TA MUHIM HUQUQI

Qonunchilikka koʻra, bola (bolalar) — 18 yoshga toʻlgunga (voyaga yetgunga) qadar boʻlgan shaxs (shaxslar) hisoblanadi. Ularning qonunchilikda belgilangan koʻplab huquqlari mavjud. Shulardan eng muhimlari haqida maʼlumot beramiz.

1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq har bir bolaga inson hamda fuqaro huquqlari va erkinliklari tegishli boʻladi hamda davlat tomonidan kafolatlanadi.

2. Yashash huquqi har bir bolaning uzviy huquqidir. Bola hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir.

3. Har bir bola tugʻilgan paytdan eʼtiboran familiya, ism, ota ismi olish, millati va fuqaroligiga ega boʻlish huquqiga, shuningdek ularni saqlab qolish huquqiga ega.

4. Har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega. Shuningdek, har bir bola oʻz shaʼni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga gʻayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.

5. Har bir bolaga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

6. Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, oʻz ota-onasini bilish, ular bilan birga yashash va ularning gʻamxoʻrligidan foydalanish huquqiga ega, uning manfaatlariga zid boʻlgan hollar bundan mustasno.

7. Har bir bola gʻayriqonuniy koʻchirilishdan va chet eldan qaytarilmaslikdan himoyalanish huquqiga ega. Bolaning chet elga safarlari faqat ota va onaning yoki ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarning roziligi bilan qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi mumkin.

8. Oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola oʻz fikrini ifoda etishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama jarayonida soʻzlashga haqlidir.

9. Bola qonunda belgilangan tartibda xususiy mulk huquqiga ega boʻlishi mumkin. Bolaning shaxsiy foydalanishida boʻlgan, bola tomonidan hadya, meros tariqasida olingan, shaxsiy mehnati evaziga yoki boshqa qonuniy usulda olingan buyumlar, mol-mulk uning xususiy mulkidir.

10. Har bir bola oʻzining yoshi, sogʻligʻining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega. Ishga qabul qilishga 16 yoshdan yoʻl qoʻyiladi.

11. Har bir bola oʻzining yoshi, sogʻligʻi hamda ehtiyojlariga mos keladigan dam olish va boʻsh vaqtga boʻlgan huquqqa ega.

12. Har bir bola bilim olish huquqiga ega.

13. Har bir bola turar joyli boʻlish huquqiga ega. Mazkur huquq qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

29-06-2024, 06:34
Saytga qaytish