Kuzatuvchi.uz / JOB OFFER NIMA?

JOB OFFER NIMA?

Job offer (ish taklifi) – ish beruvchining kelgusida xodim bilan tuziladigan mehnat shartnomasining barcha muhim shartlarini koʻrsatadigan ishga joylashish taklifi. U ish beruvchining xohishiga koʻra yozma va ogʻzaki shaklda taqdim etilishi mumkin. Job offer, odatda quyidagilarni aks ettiradi: egallaydigan lavozimingiz; bajarishingiz lozim boʻlgan vazifalar; sizga toʻlanadigan ish haqi miqdori; xodimlar uchun bonuslar va imtiyozlar; sinov muddatining davomiyligi; dam olish kunlari soni; bandlik turi – yarim kunlik yoki toʻliq ish kuni, masofadan turib yoki ofisda; ish boshlash kuni. Hujjat tomonlarning ishtirokida tuziladi hamda nomzod va kompaniya vakili imzolari bilan tasdiqlanadi. Koʻpincha taklif oddiy blankada tuziladi va boʻlajak xodimga elektron pochta yoki ijtimoiy tarmoqdagi profiliga yuboriladi. Ish taklifini yuborishning bunday amaliyoti ancha keng tarqalgan. Ish taklifi kompaniyaga ishonch hissini oshiradi. Ish beruvchi tomonidan berilgan vaʼdalar ogʻzaki emas, qogʻozda hujjatlashtirilgan boʻlsa, quruq vaʼdalarga aldanib qolish xavfi kamayadi. Nomzod ish beruvchining taklifini qabul qilsa, HR-mutaxassisi  rezyumelarni koʻrib chiqishni va intervyular oʻtkazishni toʻxtatadi.

Job offer qonuniy kuchga egami?

Baʼzi mamlakatlarda ish taklifini imzolagan tomonlar unda koʻrsatilgan shartlarga rioya qilishlari shart. Agar kimdir rad etsa, jarimaga tortilishi mumkin. Yangi Mehnat kodeksida ham bu masala tartibga solinmoqda. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 101-moddasida ham “job offer” tartibga solinmoqda, yaʼni ish beruvchi ishga joylashtirish toʻgʻrisidagi taklif bilan jismoniy shaxsga taklifnoma yuborgan boʻlsa, ish beruvchi taklifnomaning amal qilish muddati davomida, agar taklifnomada muddat shartlashilmagan boʻlsa, taklifnoma yuborilgan kundan eʼtiboran 1 oy ichida ushbu shaxsni ishga qabul qilishni rad etishga haqli emas. Taklifnoma deganda ish beruvchining ushbu jismoniy shaxs bilan mehnat shartnomasini tuzish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri, aniq ifodalangan rozilik bildirishi tushuniladi. Taklifnoma ish beruvchining tegishli vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan yozma yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin. Ushbu modda birinchi qismining qoidalari xodim qonunchilikda nazarda tutilgan barcha zarur tartib taomillardan oʻtgan taqdirda chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.  

Ish taklifini olganda nimalarga eʼtibor berish kerak?

Hujjatda yozilgan har bir jumlani diqqat bilan oʻqing. Masalan, ogʻzaki suhbatda sizga stomatologiyada ixtiyoriy tibbiy sugʻurta vaʼda qilingan boʻlsa va taklifda bu haqda biron bir soʻz boʻlmasa, sizda tibbiy sugʻurta umuman boʻlmasligi xavfi mavjud. Tafsilotlar muhimligini yodda tuting, ularni eʼtiborsiz qoldirmang!

 

X.MATKARIMOV,

Yangiariq tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti. 

27-06-2024, 23:51
Saytga qaytish