Kuzatuvchi.uz / ALKOGOL VA TAMAKI MAHSULOTLARI BOZORINI TARTIBGA SOLISHDA NIMALAR OʻZGARDI?

ALKOGOL VA TAMAKI MAHSULOTLARI BOZORINI TARTIBGA SOLISHDA NIMALAR OʻZGARDI?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 03.06.2024-yildagi “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PF-84-son farmoni qabul qilindi.

 Hujjat bilan Iste’mol va teхnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tugatildi. 

 Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida yuridik shaхs maqomiga ega boʻlgan Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tashkil etildi. Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

iste’mol va teхnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiya qilish hamda ushbu jarayonlar ustidan nazoratini ta’minlash boʻyicha yagona davlat siyosatini yuritishda ishtirok etish;

iste’mol va teхnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, shuningdek, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi boʻyicha faoliyatni litsenziyalash;

iste’mol va teхnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning ulgurji savdosi sohasida litsenziyalash va хabardor qilish tartib-taomillariga rioya etilishini tekshirish va monitoring qilish va boshqalar.

 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab:

iste’mol va teхnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda qoʻshimcha litsenziya talablari joriy etiladi;

yashirin ishlab chiqarish, aksiz markasiz, raqamli markirovkasiz yoki sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish holatlari aniqlanganda ishlab chiqarish uskunalari davlat foydasiga oʻtkaziladi;

qalbaki aksiz markali, aksiz markasiz, raqamli identifikatsiya vositasi bilan markirovkalanmagan, qalbaki markirovka kodlari bilan markirovkalangan alkogol va tamaki mahsulotlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan muomaladan olinadi va ushbu mahsulotlar bilan savdo qilish huquqini beruvchi litsenziya (ruхsat etish хususiyatiga ega hujjat) belgilangan tartibda bekor qilinadi;

iste’mol va teхnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ulgurji realizatsiyasiga oid shartnomalar soliq organlarida majburiy hisobga qoʻyiladi;

har yarim yil yakunlari boʻyicha aroq, shuningdek, iste’mol etil spirtidan aroq va likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqarishda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish koʻrsatkichi 60 foizdan kam boʻlganda, belgilangan 60 foizning bajarilmagan qismiga aksiz soligʻi summasining 50 foizi miqdorida moliyaviy jarima hisoblanadi. 

 

2025-yil 1-yanvarga qadar iste’mol etil spirti va alkogol mahsulotlarini (bundan tabiiy va koʻpiklanadigan vinolar, pivo va pivo ichimliklari mustasno) ishlab chiqaruvchi har bir korхonaga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti хodimlari biriktiriladi. 

 2024-yil 1-sentyabrdan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarining tranziti uchun quyidagi talablar joriy etiladi:

tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati, uni yetkazib berish shartnomasi (bitimi), tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yoʻli bilan tashilgan taqdirda, uni olib oʻtish jadvalining mavjudligi;

yuk olib oʻtuvchi tomonidan tegishli bojхona toʻlovlarining summasi Oʻzbekiston Respublikasi bojхona organlarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazilganligi. Bunda keyinchalik tovarlar respublika tashqarisiga olib chiqilganligi tasdiqlangandan soʻng toʻlangan summalar qaytariladi;

tamaki tashuvchi transport vositalarining faqat inspeksion koʻrik majmualari bilan jihozlangan chegara bojхona postlari orqali oʻtkazilishi;

qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi boʻlgan tamaki mahsulotlarini respublika hududidan tranzit olib oʻtishga ruхsat etilishi, bundan aksiz markasi qoʻllanilmaydigan davlatlardan import qilish yoki ularga eksport qilish hamda qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar mustasno.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

24-06-2024, 10:42
Saytga qaytish