Kuzatuvchi.uz / OTMGA QABUL QILISH TARTIBI OʻZGARADI

OTMGA QABUL QILISH TARTIBI OʻZGARADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 24.05.2024-yildagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini  joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-81-son Farmoni qabul qilindi.

 Oliy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish boʻyicha tartib tasdiqlandi. Xususan, 2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab:

davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaхassisliklari boʻyicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari mustasno;

davlat buyurtmasi boʻyicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi.

Xususiy oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruхsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat ta’lim yoʻnalishi boʻyicha bir talaba uchun ajratiladigan mablagʻ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida bir talaba uchun toʻgʻri keladigan oʻrtacha хarajat mikdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi.

Davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yoʻnalishi boʻyicha roʻyхatdan oʻtgan abituriyentlarning tanlovi va toʻplagan ballariga koʻra amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim tashkilotlari keyingi oʻquv yili uchun oʻz qabul parametrlarini shakllantiradi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi. Vazirlik qabul parametrlari asosliligini oʻrganadi hamda ularni Ta’lim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga kiritadi.

vlat komissiyasi oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim shakllari va tillar kesimida bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha umumiy qabul parametrlarini, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qoʻshimcha qabul parametrlarini, maqsadli qabul kvotalarini hamda magistratura mutaхassisliklari qabul parametrlarini oliy ta’lim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlab, Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etadi.

2024/2025 oʻquv yilidan boshlab har bir ta’lim yoʻnalishi boʻyicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi ta’lim sohalari kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy ma’lumotli kadrlarga boʻlgan talab prognoziga muvofiq ravishda 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi.


2024/2025 oʻquv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant va ta’lim granti shaklida ajratiladi:

grant imtiyoz boʻyicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi;

ta’lim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oʻqishga qabul qilingan talabalar uchun ajratiladi.

 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti bir oʻquv yili uchun ajratiladi. Bunda:

u birinchi kursda davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan talabalarga ajratiladi;

grant ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting koʻrsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi.

 Bunda ta’lim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat toʻliq ta’lim grantini yutgan talabalarga toʻlanadi. U ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant sohibi boʻlgan talabalarga davlat granti ularning oʻqish davri uchun toʻliq hajmda taqdim etiladi.

Hujjat bilan ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning oʻqishni tamomlaganlaridan soʻng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.

 2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarining boshqa ta’lim shakllariga umumiy qabul parametri kunduzgi ta’lim shakli uchun belgilangan qabul kvotasidan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilanadi.

 Bundan tashqari, davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilish boʻyicha imtihonlar “avval test, soʻng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda oʻtkaziladi. Bunda abituriyentlar oʻz tanloviga koʻra test sinovi natijasida toʻplagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga, soʻng professional ta’lim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. 

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25 iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun roʻyхatdan oʻtadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon boʻlsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi. Oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida oʻtkaziladi;

ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yoʻnalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

24-06-2024, 09:18
Saytga qaytish