Kuzatuvchi.uz / FARZANDLIKKA OLISHNING HUQUQIY ASOSI

FARZANDLIKKA OLISHNING HUQUQIY ASOSI

O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 151-moddasiga muvofiq, farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini ko‘zlab yo‘l qo‘yiladi. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi. Farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha alohida ish yuritish tartibida, farzandlikka oluvchilar (oluvchi), vasiylik va homiylik organlari vakillari, shuningdek prokuror ishtirokida sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga yo‘l qo‘yilmaydi, farzandlikka olish bolalarning manfaatlariga muvofiq kelgan hollar bundan mustasno. Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin.  Farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o‘n besh yoshdan kam bo‘lmasligi shart, bundan o‘gay ota va o‘gay ona yoxud farzandlikka olinuvchining yaqin qarindoshlari tomonidan farzandlikka olish hollari mustasno. Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi. 

Farzandlikka olishda turar joyidan qat’i nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari; farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs; aka-uka, opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar; o‘gay ota va o‘gay ona; O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari; 

kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar ustunlik huquqiga ega bo‘ladilar. O‘n yoshga to‘lgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi. 

 

X.MADAMINOVA,

 

Yangibozor tumani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi mudirasi.





3-06-2024, 19:21
Saytga qaytish