Kuzatuvchi.uz / SUV RESURSLARINI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI BUZISH

SUV RESURSLARINI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI BUZISH

Suvlarni ifloslantirish yoki bulg‘atish, suvto‘plagich inshootlarida suvni muhofaza qilish rejimini buzish, shuningdek suv obyektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzish,

-fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Korxonalar, kommunal va boshqa obyektlarni suvlarning ifloslanishi va bulg‘anishi yoki ularning zararli oqibatlari oldini oluvchi inshootlar va qurilmalarsiz foydalanishga topshirish, shuningdek suv obyektlarining tabiiy holatini buzuvchi boshqa harakatlar qilish,

-mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Suv quduqlarini qazishning belgilangan qoidalarini va texnologiyasini buzish (bundan jismoniy shaxslarning o‘z ehtiyojlari uchun, shu jumladan tomorqa yer uchastkalarini sug‘orish uchun yer osti suvlarini yakka tartibda olishga mo‘ljallangan quduqlarni qazish hollari mustasno), ishlatilayotgan va kuzatuv quduqlarini yo‘q qilib yuborish yoki shikastlantirish, suv o‘zi chiqadigan quduqlarni ularni tartibga soladigan qurilmalar bilan jihozlashga, shuningdek ishlatishga yaroqsiz quduqlarni konservatsiyalashga yoki yo‘q qilishga doir choralarni ko‘rmaslik, sifatli yer osti suvlari hosil bo‘ladigan tegrada yer osti suvlari ifloslanishining yoki sifati yomonlashishining manbai bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan sanoat, qishloq xo‘jaligi inshootlarini va boshqa obyektlarni joylashtirish, —

-fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, 

-fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Yangibozor tumani yuridik xizmat ko’rsatish markazi. 



30-05-2024, 11:19
Saytga qaytish