“O'zbekiston Respublikasida elektromobil va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish to'g'risidagi investitsiya shartnomasini tasdiqlash haqida”gi Prezident Qarori (PQ-132-son, 18.03.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, investitsiya shartnomasiga quyidagi masalalarni qo'shish bo'yicha Investor bilan muzokaralar olib boriladi:
🔹Investitsiya loyihasini amalga oshirishning keyingi davrlarida elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich yiliga 500 ming donagacha oshirish;
🔹Investitsiya loyihasini amalga oshirishning keyingi davrlarida ishlab chiqariladigan elektromobil va gibrid avtomobillarning mahalliylashtirish darajasini 60 foizgacha yetkazish;
🔹mahalliy aholi uchun 10 000 ta yangi ish o'rinlarini yaratish;
🔹ishlab chiqarilgan elektromobil va gibrid avtomobillarni Qo'shma korxona tomonidan belgilangan eksport davlatlaridan tashqari doimiy ravishda eksport qilinadigan davlatlar ro'yxatini kengaytirish;
🔹sifatli va xavfsiz elektromobil va gibrid avtomobillarni xarid qilish, ularning mahalliy iqlim sharoitlariga muvofiqligini ta'minlash hamda kafolatli servis xizmatini ko'rsatish bo'yicha iste'molchilarning manfaatlarini himoya qilish choralarini ishlab chiqish;
🔹barcha avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalarga, shu jumladan Investorga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalarni berishda teng shartlar va sharoitlarni yaratish.
J.OTAJONOV,
Urganch tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshligʻi.