Kuzatuvchi.uz / YERGA NISBATAN XUSUSIY MULK HUQUQINING KONSTITUTSIYAVIY KAFOLATLARI

YERGA NISBATAN XUSUSIY MULK HUQUQINING KONSTITUTSIYAVIY KAFOLATLARI

Bozor iqtisodiyotiga asoslangan har bir davlatda xususiy mulk iqtisodiyotni rivojlantirish va mamlakatni taraqqiy ettirishning asosiy omillardan biridir.

Uzoq yillar mobaynida O‘zbekistonda yerga nisbatan xususiy mulkning to‘laqonli joriy etilmaganligi haqiqiy mulkdorlar qatlamini yetarlicha shakllanmasligiga, yerni haqiqiy tovar sifatida bozor muomalasiga kiritilmasligiga hamda xorijiy investorlarni milliy iqtisodiyotga nisbatan ishonchini pasayishiga olib keldi.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda “Asosiy qonunimizda yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi aniq belgilanishi lozim” deb alohida taʼkidlanganligi qatʼiy siyosiy iroda namunasidir.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 68-moddasida ilk marotaba “Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin”, degan muhim norma mustahkamlandi.

Mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishli yerlarni ularni o‘zlari tomonidan xususiylashtirib olish imkoniyati yaratilmoqda. Xususan, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq fuqaro va yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin.

Yerni xususiy mulk sifatida fuqaroga tegishli bo‘lishi unga nima beradi? Xususiy mulk bo‘lgan yer uchastkasi mulkdori yerni sotish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish, meros qilib qoldirish kabi huquqlarni qo‘lga kiritadi. Eng muhimi, bunday yerni davlat faqat mulkdorni roziligi bilan, shartnoma asosida, bozor narxida jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishi mumkin. Bir so‘z bilan ayganda, yer “snos”ga tushib ketmaydi, davlat yerni kelishilgan narxda sotib olsagina, yer begonalashtirilishi mumkin.

Shu bilan birga, yerni umummilliy boylik va muhim iqtisodiy resurs ekanligini nazarda tutib, unga xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lishni oldini olish maqsadida moddada nazarda tutilgan konstitutsiyaviy shartlar xususiylashtirilgan yerdan samarali foydalanishni va uni kelajak avlodlarga bezavol qoldirilishini taʼminlaydi.

R.EGAMBERDIYEV,

Yangiariq tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

19-05-2024, 20:35
Saytga qaytish