Kuzatuvchi.uz / MEHNAT SHARTNOMASIDA QANDAY REKVIZITLAR KO’RSATILISHI KERAK?

MEHNAT SHARTNOMASIDA QANDAY REKVIZITLAR KO’RSATILISHI KERAK?

Mehnat shartnomasida mehnat shartnomasi tuzilgan sana va joy, mehnat shartnomasining raqami va uning taraflarining rekvizitlari ko‘rsatiladi.

Xodimning mehnat shartnomasida ko‘rsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat:

familiyasi, ismi va otasining ismi;

shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

yashash yoki turgan joyining manzili va u bilan bog‘lanishga doir ma’lumotlar;

soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;

jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lganda);

shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i raqami.

Ish beruvchining mehnat shartnomasida ko‘rsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat:

mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchining nomi: tashkilotning nomi, agar ish beruvchi tashkilotning alohida bo‘linmasi bo‘lsa, — ushbu bo‘linmaning nomi, ish beruvchi jismoniy shaxs bo‘lgan hollarda, — jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi va pasport ma’lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari), yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan ish beruvchi uchun esa uning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport ma’lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari), shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning raqami va berilgan sanasi;

ish beruvchining mehnat shartnomasini imzolagan vakili haqidagi ma’lumotlar va, agar tashkilot yoki uning alohida bo‘linmasi ish beruvchi bo‘lsa, vakilga tegishli vakolatlar berilganligining asosi;

ish beruvchi tashkilotning joylashgan eri (pochta manzili) yoki tashkilotning alohida bo‘linmasi xodim bilan mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchi bo‘lgan hollarda, ushbu alohida bo‘linmaning joylashgan eri (pochta manzili) yoxud jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining yashash yoki turgan joyi manzili;

soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (bundan yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘lmagan jismoniy shaxslar bo‘lgan ish beruvchilar mustasno);

tashkilotlar yoki ularning alohida bo‘linmalari bo‘lgan ish beruvchilarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning bank rekvizitlari;

ish beruvchining aloqa ma’lumotlari (telefon raqamlari, elektron pochta manzili va boshqalar).

R.EGAMBERDIYEV,

Yangiariq tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

19-05-2024, 18:02
Saytga qaytish