Kuzatuvchi » Siyosiy » YOSH BOLALI AYOLLAR: MEHNAT QONUNCHILIGIDA ULARGA QANDAY IMTIYOZLAR BERILGAN?

YOSH BOLALI AYOLLAR: MEHNAT QONUNCHILIGIDA ULARGA QANDAY IMTIYOZLAR BERILGAN?

Mehnat qonunchiligida homilador va yosh bolali ayollarga bir qator qoʻshimcha kafolat va imtiyozlar taqdim qilingan. Mazkur kafolat va imtiyozlarni koʻrib chiqamiz.

2 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar uchun kafolat va imtiyozlar:

• 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolani parvarish qilayotgan ayollarga ularning xohishiga koʻra, har yili 14 kalendar kundan kam boʻlmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda muqarrar tartibda taʼtil beriladi (Mehnat kodeksining 150-moddasi).

• 2 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga toʻlgunga qadar avvalgi ishidagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkaziladi (MKning 227-moddasi).

Homiladorlik va tugʻish taʼtili tugaganidan keyin ayolning xohishiga koʻra, unga bolasi ikki yoshga toʻlgunga qadar bolani parvarishlash uchun taʼtil berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa toʻlanadi.

Bola parvarishi boʻyicha nafaqa parvarish qilinayotgan bolalar sonidan va nafaqa oluvchi shaxsning mehnat stajidan qatʼi nazar har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 60 foizi miqdorida toʻlanadi.

DIQQAT!

Bu nafaqa byudjet tashkilotlarida ishlovchi onalarga toʻlanmaydi (MKning 234-moddasi).

2 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarga dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qoʻshimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har 3 soatda bir marta, har biri 30 minutdan kam boʻlmagan muddat bilan beriladi. 2 yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi boʻlgan taqdirda, tanaffusning muddati kamida bir soat qilib belgilanadi (MKning 236-moddasi).

3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar uchun kafolat va imtiyozlar:

• Homilador ayollar, 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi (MKning 84-moddasi).

• 3 yoshga toʻlmagan bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi (MKning 2281-moddasi).

• Ayolga, uning xohishiga koʻra, bolasi 3 yoshga toʻlgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qoʻshimcha taʼtil ham beriladi (MKning 234-moddasi).

• Homilador ayollar va 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno. Bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi (MKning 237-moddasi).

Mehnat qonunchiligida 2-3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollardan tashqari, 12 yoki 14 yoshga toʻlmagan bolani (16 yoshga toʻlmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan ayollarga ham ayrim kafolatlar nazarda tutilgan. Bular quyidagilardir:

• 14 yoshga toʻlmagan bitta va undan ortiq bolani (16 yoshga toʻlmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolgʻiz ota, yolgʻiz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolgʻiz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik taʼtillar, ularning xohishiga koʻra yoz vaqtida yoki ular uchun qulay boʻlgan boshqa vaqtda beriladi (MKning 144-moddasi).

Homilador ayollarni va 14 yoshga toʻlmagan bolasi (16 yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilish va xizmat safariga yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu bilan birga, homilador ayollarni va 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi (MKning 228-moddasi).

Homilador ayolning, 14 yoshga toʻlmagan bolasi (16 yoshga toʻlmagan nogiron bolasi) bor ayolning, shu jumladan qaramogʻida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob aʼzosini parvarish qilish bilan band boʻlgan shaxsning iltimosiga koʻra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq ularga toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasi (119-modda) belgilashga majburdir (MKning 229-moddasi).

12 yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam boʻlmagan muddat bilan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi (MKning 232-moddasi).

12 yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga ularning xohishiga koʻra, har yili 14 kalendar kundan kam boʻlmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda taʼtil beriladi. Bunday taʼtil yillik taʼtilga qoʻshib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda undan alohida (toʻliq yoxud qismlarga boʻlib) foydalanilishi mumkin (MKning 232-moddasi).

 

Xusin ISKANDAROV,

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i. 

 

Boshqa maqolalar

PROFESSIONAL VA OLIY TA’LIM MUASSASALARIDA TA’LIM OLISH

personmaftuna 19-01-24, 17:28
0 PROFESSIONAL VA OLIY TA’LIM MUASSASALARIDA TA’LIM OLISH BO‘YICHA TO‘LOV-KONTRAKT SUMMASINING BIR QISMINI TO‘LAB BERISH TARTIBI

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlarining, shuningdek, “Yoshlar daftariga” kiritilgan yoshlarning...

YER OSTI BOYLIKLARINI MUHOFAZA QILISH VA ULARDAN

personmaftuna 30-05-24, 11:16
0 YER OSTI BOYLIKLARINI MUHOFAZA QILISH VA ULARDAN FOYDALANISH TALABLARINI BUZISH

Foydali qazilmalar joylashgan maydonlarga o‘zboshimchalik bilan imoratlar qurish, foydali qazilma konlarini ekologiya...

XOTIN-QIZLARNI QOʻLLAB-QUVVATLASH MEХANIZMLARI

personmaftuna 28-09-24, 01:05
0 XOTIN-QIZLARNI QOʻLLAB-QUVVATLASH MEХANIZMLARI

Vazirlar Mahkamasining 2024-il 9-sentyabrdagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash meхanizmlarini yanada...

menu
menu